Joriy yilda shaharlararo avtobus yo‘nalishlarida ko‘rilgan zararlarni qoplashga mahalliy budjetdan 7,3 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2023-yilda 56 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishi tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, hozir 22ta avtobus va 36ta yo‘nalishli taksi xizmati, jami 58ta yangi yo‘nalish tashkil etilgan.
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida hududlarda norentabel bo‘lgan shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo avtobus yo‘nalishlarida ko‘rgan zararlari o‘rnini qoplash uchun mahalliy budjet mablag‘laridan 7,3 mlrd so‘m subsidiya ajratildi.
Shuningdek, shahar yo‘nalishlarida fuqarolarning ayrim toifalarini bepul tashishni tashkil etishda ko‘rilgan zararlarni qoplash, shahar yo‘lovchi transportida cheklangan tariflar natijasida ko‘rilgan zarar bo‘yicha jami 2,8 mlrd so‘m subsidiyalar qoplab berilgan.
Joriy yilning 1-avgust holatiga 110 ta avtobus yo‘nalishi bo‘yicha brutto-shartnomalari rasmiylashtrildi. Avvalroq sentabrda Toshkentda 9ta yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etilishi ma’lum bo‘lgandi.
Xitoyning “Yutong bus” kompaniyasi Namanganga 100ta avtobus yetkazib beradi. Xususan, ZK6890HG modelidagi avtobuslarni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan.