O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kuz-qish mavsumida o‘zaro elektr energiyasini yetkazib berishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ostonada o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur mamlakatlarning energetika va suv xo‘jaligi sohalari vakillari suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha muhokama o‘tkazdi.

Unda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan ta’minlash, boshqa sohalardagi hamkorlik yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishilib, yetkazib berish hajmi va muddatlari belgilandi.

Shuningdek, muzokaralar davomida tomonlar quyidagilarga kelishib olishdi:

  • elektr energiyasining soatlik hisobini yuritish mexanizmini joriy etish imkoniyatlarini ishlab chiqish;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida rejadan tashqari oqimlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
  • rejadan tashqari oqimlarni to‘lash bo‘yicha shartnomalarning amaldagi shartlarini qayta ko‘rib chiqish.

Ishtirokchilar avvalgi majburiyatlarni bajarishga sodiq ekanliklarini bildirgan. Suv va energetika idoralari vakillarining navbatdagi yig‘ilishi joriy yilning noyabr oyida Bishkekda o‘tkazilishi qayd etilgan xabarda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev energiya resurslari iste’molida tartib-intizom haligacha to‘liq ta’minlanmaganini tanqid qilib, tuman hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar va departament rahbarlari qaysi tumanda energiyani o‘g‘rilash davom etsa, noreal qarzdorlik oshib ketsa, elektr va gaz rahbarlariga qo‘shilib javobgar bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini kafolatli yetkazib berish bo‘yicha ishlarni hozir boshlash zarurligini ta’kidladi davlat rahbari.