Misr kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha vazir Laziz Qudratov “Hassan Allam Holding” kompaniyasi ijrochi direktori Mahmud El-Essaviy bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar kompaniya tajribasi va investitsiyalarini jalb qilish istiqbollari va mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlarida loyihalarni birgalikda amalga oshirishni ilgari surmoqda.
Misr tomoni O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Xususan, energetika, suv ta’minoti, metall va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzolash va erishilgan kelishuvlarni bajarishga kirishish yuzasidan kompaniya bosh direktorining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi kelishib olindi.
“Hassan Allam Holding” kompaniyasi 1936-yilda tashkil etilgan. Oxirgi 5 yil ichida u Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida 70ta loyihani amalga oshirgan.
“Forbes” nashri kompaniyani 100ta eng yaxshi arab oilaviy korxonalar reytingiga kiritgan. Aktivlari $8 mlrdni, ishchilar soni esa 45 mingtani tashkil etadi.
Avgust oyi boshida O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlar kengashini tuzishga kelishib olgandi. Shuningdek, Port Said shahridagi EIZlarda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tuzish hamda omborxonalarni ijaraga olish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, Misrning “Nile Sugar” kompaniyasi Jizzaxda shakar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishi ma’lum qilingandi.
Loyihaning umumiy qiymati $500 mlnni tashkil etib, viloyat hududidan 52 ming gektar yer maydoni ajratiladi.