Bank kartasidan o‘g‘irliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda, deya ma’lum qildi “UzA” nashri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodiyevaga tayanib.
“Bank hisobidagi yoki kartasidagi pullarni o‘g‘irlash kabi holatlarga nisbatan javobgarlik belgilanmagani uning takror sodir etilishiga sharoit yaratmoqda. Axborotni nooshkora to‘plashga mo‘ljallangan maxsus vositalarning yangi turlari mamlakatimizga erkin tarzda kirib kelishi va savdosi jadallashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib qilinayotganligi sababli iste’molchilar qamrovi kengayib bormoqda.”, — deydi u.
Bunday maxsus vositalardan foydalanishning qonuniy tartibi belgilanmagani sir hisoblanadigan ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda unda to‘plash hamda ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanishga sharoit yaratmoqda.
Shu sabab, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqilib, yuqoridagi kabi holatlar bilan bog‘liq ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishga huquqiy asos yaratishini ta’kidlaydi Zuhra Shodiyeva.
Bundan tashqari, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik belgilanishi va yuzaga kelayotgan boshqa noqonuniy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘tgan yili senat bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini firibgarlik va o‘g‘rilik yo‘li bilan talon-toroj qilish bo‘yicha jinoyatlar uchun jazo og‘irlashtirilishini ta’kidlagandi.
Unga ko‘ra, axborot tizimlariga noqonuniy kirish orqali mablag‘larni o‘zlashtirgan shaxslar sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima to‘lashi qayd etilgan.
Avvalroq Bosh prokuratura O‘zbekistonda elektron to‘lov tizimidagi firibgarlikning yangi turi “Charjbek” (chargeback) paydo bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi.