“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining navbtadagi Airbus A320neo samolyoti Toshkentga yetib keldi, deya xabar bermoqda aviakompaniya matbuot xizmati.
O‘rta masofaga parvoz qilish uchun mo‘ljallangan avialayner uzoq muddatli lizing asosida Xitoyning “China Aircraft Leasing Group Holdings Limited” (CALC) kompaniyasidan sotib olingan.
168 o‘ringa mo‘ljallangan Airbus A320neo Kuala-Lumpurdan Toshkentga “Uzbekistan Airways"ning an’anaviy livreyasida yetib keldi.
Havo kemasi milliy aviatashuvchi va “CALC” lizing kompaniyasi o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi hisoblanadi.
Aviakompaniya yangi havo kemasidan Toshkent shahri va respublika viloyatlaridan amalga oshiriladigan aviaqatnovlarida foydalanishni rejalashtirmoqda.
“China Aircraft Leasing Group Holdings Limited” (CALC) kompaniyasi haqida — samolyotlarning operativ lizingi, ularni sotib olish va qayta lizingga berish hamda tizimli moliyalash, shuningdek, parkni rejalashtirish, uni yangilash, havo kemalarni demontaj qilish va ehtiyot qismlarni sotishdek qo‘shimcha qiymat xizmatlari kabi an’anaviy vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi “Airbus” aviaqurilish kompaniyasi bilan A320neo oilasiga tegishli 12 ta samolyot xarid qilish uchun shartnoma imzolagani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, aviakompaniya sotib oladigan sakkizta A320neo va to‘rtta A321neo bugungi kunda 17 ta Airbus A320 samolyotlaridan iborat “Uzbekistan Airways” aviaparkiga kelib qo‘shiladi.
Yangi shartnoma doirasida dvigatellarni tanlash keyinchalik aviakompaniya tomonidan buyurtma qilinadi.
Ta’kidlanishicha, yangi samolyotlar Airbus Airspace saloniga ega bo‘lib, u yo‘lovchilarga havo transporti bozorida yuqori darajadagi qulaylikni taqdim etadi.