Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha katta iqtisodchisi Uilyam Zeyts O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Qirg‘izistondagi erkaklar va ayollar maoshi o‘rtasidagi farq bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri.

Hukumat statistikasi asosida olib borilgan tadqiqot mazkur mamlakatlarda erkak va ayollarning ish haqi o‘rtasidagi farq jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ekanligini qayd etgan.

Xususan, bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 22%, Qirg‘izistonda 25% hamda O‘zbekistonda 39%ni tashkil etadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 2022-yilda global o‘rtacha ish haqi farqini 20% deb baholagan.

Tadqiqot davomida 4500 ta respondentga tasodifiy belgilangan xususiyatlar bilan (yoshi, jinsi va soliqlarsiz ish haqi) 8 nafar xodimning tavsifi o‘qilgan: do‘kon sotuvchisi, qishloq xo‘jaligi ishchisi, ma’mur, dasturiy ta’minot muhandisi, menejer, shifokor, taksi haydovchisi va maktab o‘qituvchisi.

Respondentlarning 7%dan ko‘prog‘i erkaklarga nisbatan ayollar uchun to‘lovlar “adolatli” deb hisoblashadi. Shuningdek, 8%dan ko‘prog‘i “biroz ortiqcha to‘langan” va 13%i “sezilarli darajada” ortiqcha to‘langan deb hisoblashgan. So‘rovda ishtirok etganlarning 34%dan ko‘prog‘i erkaklarga “sezilarli darajada kam haq to‘lashlarini” ta’kidlashgan.

“Natijalar ayollar mehnati qiymatiga nisbatan aniq va tizimli tarafkashlikni ko‘rsatadi”, deb ta’kidlaydi Uilyam Zeyts.

Shu bilan birga, bunday farq tadqiqotchiga “ajablanarli” ko‘rinadi, chunki bu davlatlarda ayollar uchun ta’lim olishda jiddiy muammolar yo‘q.

Tadqiqotchi Qirg‘iziston va Qozog‘istonda “teng ish uchun teng haq to‘lash” normasi qonunda mustahkamlanmaganini, O‘zbekistonda esa 2022-yil oxiridagina mehnat kodeksiga kiritilganini ta’kidlaydi.

Garchi huquqiy tartibga solish teng ish haqi uchun kurashning muhim tarkibiy qismi bo‘lsa-da, mehnat bozorida gender tengligining ulkan maqsadlariga erishish uchun yetarli emas, deb hisoblaydi tadqiqotchi.


Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondagi korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4,3 mln so‘mni tashkil etgandi.