“G‘ijduvon shashlik” geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Buxoro viloyatida birinchi bo‘lib davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan mazkur geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqi G‘ijduvon tuman hokimligiga berilgan.
Mazkur geografik ko‘rsatkich guvohnomasi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tuman hokimi Sherzod Ashurovga topshirildi.
“Endi G‘ijduvon tumani hokimligi ruxsatisiz, bizning ruxsatimizsiz bu nomdan hech kim foydalana olmaydi”, — dedi hokim Sherzod Ashurov.
Shuningdek, hokim G‘ijduvon kabobini tayyorlamoqchi bo‘lganlar tumanga borib, hokimiyat ruxsati hamda to‘lovini amalga oshirgach pishirishlari mumkinligini ta’kidladi.
Biroq Adliya vazirligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, buning uchun hokimiyatdan ruxsat olish va hech qanday to‘lov shart emas. Tuman hokimi hazillashgan bo‘lishi mumkin.
“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi qonuniga ko‘ra, tovarni muayyan geografik hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich sifatida belgilanib, bu tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Muayyan tovarning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi jismoniy va yuridik shaxslarga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklamaydi.
Shuningdek, geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2021-yili “Andijon muzqaymog‘i” brendi rasman patentlangandi.