Pensiya jamg‘armasi pensiya va nafaqalarni bank plastik kartalariga qanday o‘tkazish mumkinligi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, pensiya va nafaqalarni plastik kartaga o‘tkazish jarayoni ikki xil usulda amalga oshiriladi. Buning uchun arizalar tijorat banklarida karta ochish jarayonida yoki bankning mobil ilovasi orqali rasmiylashtiriladi.

“Bunda, fuqarolardan Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman yoki shahar bo‘limlariga murojaat etish talab qilinmaydi”, — deydi Pensiya jamg‘armasi bosh mutaxassisi Baxriddin Ziyatov.

Avvalroq Mustaqillik bayrami munosabati bilan pensiya to‘lovlari oldindan to‘lab berilishi ma’lum bo‘lgandi.

Xususan, joriy yilning sentabr oyi uchun pensiya va nafaqalar 29−31 avgust kunlari bank plastik kartalarga o‘tkazib beriladi.


Avvalroq naqd pul ko‘rinishidagi pensiya va nafaqalarni yangi tartibda berish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.