“Vention” kompaniyasi Python bo‘yicha amaliyot dasturiga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, dastur sentabr oyida boshlanadi. Ishtirokchilar kuniga 6 soat tahsil olib, o‘zlashtirgan ko‘nikma va bilimlarni qo‘llashlari mumkin bo‘lgan amaliy loyihalarda qatnashishadi.
Amaliyotchilardan quyidgailar talab qilinadi:
- obyektga yo‘naltirilgan dasturlash (OOP) tamoyillarini tushunish va ularni amalda qo‘llash qobiliyati;
- Python tilining asosiy ma’lumotlar turlari va algoritmlari bilan tanishish;
- relyatsion ma’lumotlar bazalari (SQL) bo‘yicha oldingi amaliy tajriba va PostgreSQL’ni tushunish;
- Git versiyali boshqarish tizimidan foydalanish bo‘yicha asosiy tushuncha;
- Django/Flask/FastAPI'ni bilish va qo‘shimcha frontend dasturlash tajribasi (HTML/CSS va JavaScript).
Shuningdek, nomzodlar rus va ingliz tillarini yetarli darajada (B1 dan past bo‘lmagan) bilishlari kerak.
Dastur davomida ishtirokchilarga dasturlash tili va uning kutubxonalari hamda asosiy “pattern"lari, shu bilan birga, Django, Flask yoki FastAPI kabi platformalarga asoslangan API’larni yaratish va ulardan foydalanish hamda server va mijoz tomonlari o‘rtasida ma’lumotlarni qayta ishlash o‘rgatiladi.
Shuningdek, “pytest” yoki “unittest” kabi vositalardan foydalangan holda birlik testlarni malakali yaratish va o‘tkazish, foydalanuvchilar bilan sifatli aloqani ta’minlash uchun server kodini mijoz tomonidagi texnologiyalar, HTML, CSS va JavaScript bilan bog‘lash ko‘nikmalari haqida tushunchalar beriladi.
Unda ishtirok etish uchun havola orqali ariza jo‘natish kerak.
Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq “EPAM” “Automated Testing in Python” bepul onlayn dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.