Adel Yengalichev — ma’lumoti bo‘yicha aviadispetcher. U mutaxassisligi bo‘yicha qisqa muddat ishlaganidan keyin tadbirkorlik bilan shug‘ullandi — avvaliga mamlakatga yog‘och import qilib, parket taxtasi ishlab chiqardi, keyin esa og‘ir sanoatga o‘tdi.

Karantin paytida hamma uyida qolganida Adel tuproq va quyosh nurisiz sabzavot va rezavor mevalarni yetishtirishga qaror qildi.

“Bionovatic Food” asoschisi Adel Yengalichev loyiha qanday amalga oshirilgani, nima uchun qulupnay yetishtirishdan boshlangani, 300 mln so‘m miqdorida davlat grantini qanday qo‘lga kiritgani hamda texnologiyani qayerda qo‘llash mumkinligi haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.


Adel, biz hozir qayerdamiz?

Biz Yunusobod sanoat zonasidagi “Bionovatic Food” shourumidamiz. Men 2012-yildan buyon shu yerdaman. Hozirgi loyihamiz esa 2021-yildan buyon shug‘ullanib kelayotgan yersiz va yorug‘liksiz qulupnay etishtirish loyihasi hisoblanadi.

Bu g‘oya sizga qanday kelgan?

Hammasi tasodifan sodir bo‘lgan. O‘simliklarni biologik himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi shu korxonada ishlagan odamlar bilan tanishib, bu ish menga yoqishini tushunganman.

Agar biroz orqaga qaytadigan bo‘lsak, bundan ancha oldin og‘ir sanoatda ishlaganman, keyin esa birdan o‘simliklarga o‘tganman.

Bunga nima sabab bo‘lgan?

Katta ehtimol bilan kovid. Karantin paytida hammamiz uzoq vaqt uyda o‘tirdik. Bir kuni kechqurun “Nega uyda oziq-ovqat yetishtirmaymiz?!” deb o‘ylab qoldim. Asta-sekin bu mavzuni o‘rgana boshladim. Butun internetni axtarib chiqib, bu bilan O‘zbekistonda hech kim shug‘ullanmaydi, degan xulosaga kelganman.

Sekin-asta hududimiz sharoitiga mutlaqo mos kelmaydigan turli texnologiyalarni joriy etishga harakat qila boshladim. Menga nyuanslarni o‘rganish, texnologiyani moslashtirish va keng ko‘lamli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun bir necha yil kerak bo‘ldi.

Diplom bo‘yicha mutaxassisligingiz aviadispetcher. Ammo hozir siz butunlay boshqacha ish bilan shug‘ullanyapsiz. O‘z yo‘lingiz haqida gapirib bersangiz.

2005-yili Aviatsiya institutini tamomlaganman, kasbim bo‘yicha aviadispetcherman. Yarim yil sohada ishlab, bu meniki emasligini tushunganman: men toqatli emas, balki faol odamman — doimo bir joyda bo‘lishim, kim bilandir muzokara olib borishim kerak. Shuning uchun men “erkin suzuvchi” biznesga o‘tdim — turli mamlakatlarga uchdim, ular nimalar bilan shug‘ullanishlarini ko‘rdim va tovar import qila boshladim. Shunday qilib, tadbirkorlik bo‘yicha sayohatimni boshladim.

Ukrainadan yog‘och olib kelib, kichik parket taxtalarini ishlab chiqarishni tashkil etdim. Shundan so‘ng, menga og‘ir sanoat bilan shug‘ullanish taklifini bildirishgan. 2012-yildan 2019-yilgacha biz metall buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullandik.

Texnologiya haqida batafsilroq gapirib bersangiz. Xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rgandingizmi?

O‘zbekistonda bu sohada mutaxassislar yo‘q, shu bilan birga, tajriba ham. Men texnologiyani bir necha mamlakatlar, jumladan, Niderlandiya, Rossiya, AQSh tajribasi asosida iqlim sharoitimizga moslashtirdim.

Tuproq o‘rniga biz kokos yong‘og‘idan foydalanamiz. Bu masala ham alohida e’tiborni talab qiladi, chunki ko‘plab “tuzoqlar” mavjud. Birinchidan, u har xil bo‘ladi. Biz qulupnay yetishtirish uchun mos navni tanlaganmiz. Ikkinchidan, unda foydali moddalar va minerallar mavjud emas. Shunga ko‘ra, qo‘shimcha ravishda mineral o‘g‘itlarni o‘zingiz berishingizga to‘g‘ri keladi.

Quyosh o‘rniga lampochkalarni o‘rnatdik. O‘rtacha hisobda, ular quyosh o‘rnini 95%ga bosa oladi.

Uning quyosh va tuproqda o‘smasligi o‘simlikka qanday ta’sir qiladi? Hid va ta’mga ham ta’siri bormi?

Xushbo‘y hid va ta’mni biz nazorat qilishimiz mumkin. Bu qanday mineral o‘g‘itlar qo‘shilishiga bog‘liq. Quyoshning o‘rnini ham almashtirish oson, chunki men vaqtni nazorat qilaman. Qulupnaylarni kuniga 16−18 soat yoritish kerak. Shu tariqa, o‘simlikning o‘zi qachon kunduzi va qachon kechasi ekanligini tushunadi.

Agar texnologiyangizni dalalarda o‘sayotgan qulupnay bilan solishtirsangiz, bu texnologiya qanchalik qimmat?

Bugungi kunda bu texnologiya juda qimmat. Xarajatlarimiz esa dalada qulupnay yetishtirishga nisbatan 5 baravar yuqori.

Ammo biz faqat qulupnay mavsumi — bahor va yozda raqobatlasha olmaymiz. Qish va kuzda esa biz raqobatbardoshmiz. Aslida, bu issiqxonalar bilan bir xil.

Eng katta afzalligi shundaki, har kim uyida ma’qul ko‘rgan narsasini o‘stira oladi. Men buni siti-ferma deb atayman.

Xulosa qiladigan bo‘lsam, biz qulupnay emas, balki texnologiya sotuvchisimiz. Yetishtirishga keladigan bo‘lsak, istalgan narsani yetishtirsa bo‘ladi.

Hozir bizda pomidor, bodring, baqlajon va bulg‘or qalampiri yetishtirilyapti.

Mazkur texnologiya bugungi kunda qanchalik talabga ega?

Hozircha, unchalik emas. Bu dekorativ element sifatida ko‘proq talabga ega. Bunday qurilmalarni o‘rnatmoqchi bo‘layotgan jismoniy va yuridik shaxslardan buyurtmalar bor.

Mahalliy xaridorlardan ham, chet elliklardan ham arizalar tushgan. Hozir Olmaotadan buyurtmalarim bor.

Mintaqamizda texnologiya yangi, shuning uchun odamlarni biroz qo‘rqitadi.

Hozirda buyurtmangiz soni qancha?

Hozir oyiga 3−4 nafar mijozimiz bor. Ammo qiziqish borligini ko‘ryapman — ko‘plab kompaniyalar bilan memorandumlar imzoladik.

Bozor juda katta, chunki hozirda o‘yinchilar yo‘q. Menimcha, bu biznesda $100200 ming va undan ham ko‘proq daromad topish mumkin.

Bu yer juda kichkina ekan. Ayting-chi, bu yerda qancha mahsulot yetishtirish mumkin?

Bu yer 80 kv.metrni tashkil etadi, lekin men faqat 40 kv.metridan foydalanaman. Bu joydan men butun vegetatsiya davri (9 oy) uchun taxminan 2 tonna rezavor yig‘ishim mumkin.

Bularning barchasi shiftning balandligiga bog‘liq, chunki bizda vertikal fermadir. Shift qancha baland bo‘lsa, ekin maydoni ham shuncha katta va hosil ham ko‘proq bo‘ladi.

Siz “C.A.T Science Accelerator"ning uchinchi to‘lqini bitiruvchisisiz. Bu dastur va undagi ishtirok sizga nima bergani haqida aytib bersangiz?

Ikki og‘iz so‘z bilan aytadigan bo‘lsam, bu juda ajoyib dastur. Loyiha Innovatsion rivojlanish agentligi ko‘magida amalga oshirilgan. U startaplarni saralab, ularning rivojlanishiga yordam beradi.

Juda kuchli tanlov jarayoni kechgan. Tasodifan, “Facebook"da innovatsion startaplardan arizalarni qabul qilish haqidagi loyiha e’lonini ko‘rib qolib, shu tariqa ishtirok etganman. Uch bosqichdan iborat loyiha, taxminan olti oylik mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan.

Avvaliga nima uchun unda ishtirok etayotganimni tushunmaganman: tadbirkorman, hamma narsaning qanday ishlashini bilaman. Ammo mashg‘ulotlar boshlangach, ko‘p narsani bilmasligimni angladim.

Treningdan keyin startapimizni amalga oshirishimiz uchun grantga hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldik va uni qo‘lga kiritdik. Davlat tomonidan 300 mln so‘m ajratildi, ularni loyihamizga yo‘naltirdik. Albatta, bu mablag‘lar yetarli emasdi, lekin men hali ham bu yordam uchun juda minnatdorman.

Shuningdek, o‘z mablag‘imiz hisobidan 300 mln so‘m sarmoya kiritdik.

Uni qaytarishga erishdingizmi?

Yo‘q. O‘ylaymanki, hammasi 2−3 yil ichida o‘zini oqlaydi. Ammo bu bitta katta buyurtma evaziga qaytarilishi mumkin.

Uy xo‘jaligini tashkil qilish uchun qancha mablag‘ kerak?

Bularning barchasi hajm va maqsadlarga bog‘liq. O‘rtacha 300 mln so‘mga yaqin mablag‘ kerak bo‘ladi, deb o‘ylayman. Balki undan ham kamroqdir, chunki men umumiy xarajatlarga qo‘shilgan xatolarimga ko‘p sarflaganman. Ammo buyog‘iga men bir xil chuqurga qadam bosmayman va qayerda tejash kerakligini ham bilaman.

Xatolar haqida gapirib bersangiz. Bu doimo qiziqarli bo‘lgan.

Ko‘p xatolar bo‘lgan. Boshida noto‘g‘ri o‘simlik tanlaganman. Natijada hech narsa o‘stira olmadim. O‘simliklarni qancha vaqt yoritish kerakligini bilmasdim. Lampalarni noto‘g‘ri o‘rnatdim. Va bu xatolarga tovon to‘ladim: bir joyda ko‘chatlar bilan, qayerdadir elektr uchun katta chek bilan va hokazo.

Barcha jarayonlarni joy joyiga qo‘yish uchun qancha vaqt ketgan?

Hamma narsa qanday ishlashini tushunish uchun taxminan 7 oycha sarflaganman. Hozir esa jarayonlarni yo‘lga qo‘yishga 2−3 oy ketyapti xolos.

Nima uchun qulupnay bilan boshlashga qaror qilgansiz?

Qulupnay juda injiq o‘simlik. Agar u bilan ishlashni o‘rgansam, har qanday hosilni yetishtirishga qurbim yetadi deb qaror qildim.

Barcha ko‘chatlar O‘zbekistonda sotib olingan. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, yevropadan buyurtma qilish yaxshiroq hisoblanadi. Hozir Italiya va Niderlandiyadagi ko‘chat ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzganmiz. Endilikda biz ularning o‘sishiga vaqt sarflamaymiz — tayyor ko‘chatlarni olib kelib ekamiz, 1,5 oydan keyin hosil qilamiz.

Siz ikki tonna o‘simlik to‘plashingiz mumkinligini ta’kidladingiz. Ayting-chi, savdoni qanday tashkil etasiz?

“Telegram"da kanalimiz bor, yana bozorda ham sotishimiz mumkin. Lekin men unumdorlikka e’tibor bermayman, chunki mening maqsadim meva sotish emas, balki texnologiyalardir. Bu yerdan shourum sifatida foydalanamiz va mijozlarga hammasi chindan ham o‘sishini ko‘rsatib beramiz.

Uni targ‘ib qilish bilan qanday shug‘ullanayapsiz?

Biz “Telegram”, “Instagram” va “Youtube” kabi ijtimoiy tarmoqlarda faolmiz. Bundan tashqari, turli ko‘rgazma va tadbirlarda faol ishtirok etamiz. Shuningdek, biologik himoya bo‘yicha tanishlarim bor, ular orqali ham ma’lumotlar tarqatiladi.

Marjinallik qay darajada?

Raqamlar bilan javob berish imkonsiz. Aytishim mumkinki, marjinallik issiqxonaniki bilan deyarli bir xil. Agar issiqxonalarni saqlash foydali bo‘lmaganida, ularning barchasi allaqachon yopilgan bo‘lardi.

Bu hatto issiqxonaga nisbatan biroz foydaliroq bo‘lishi mumkin, chunki balandligi sabab menda 5 gektar yerga teng joy bor. Qishda isitish (gaz) uchun pul sarflamayman va yorug‘lik bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi.

Elektr ta’minoti bo‘yicha xarajatlaringiz qanday?

Umuman olganda, elektr energiysi uchun oyiga 3,5 mln so‘mga yaqin to‘layman. Bunga yoritish va chillerning ishlashi kiradi.

Nega quyosh panellarini o‘rnatishga qaror qilgansiz?

Biz o‘zimizni ekologik kompaniya sifatida namoyon qilamiz, masalan, hech qanday kimyoviy moddalardan foydalanmaymiz. Quyosh panellarini o‘rnatish esa qadriyatlarimizga mos kelardi.

Biz 3 kVt quvvatga ega panellarni o‘rnatganmiz. Hozircha bu xarajatlarimizning atigi 20%ini qoplaydi. Bunday past foiz bugungi kunda panellarni o‘rnatish arzon emasligi bilan bog‘liq. Darhaqiqat, hozir quyosh panellari ishlab chiqargan energiyaga qaraganda, davlat elektr energiyasidan foydalanish afzalroq.

Ularning o‘rnatilishiga ketgan mablag‘ ikki yillik elektr to‘lovlarini qoplashi mumkin edi.

Mart oyida panellarni o‘rnatish bo‘yicha shartnoma tuzib, aprelda o‘rnatib, may oyida foydalanishga topshirdik. Shu sabab ham ulardan foydalanish bo‘yicha hali ko‘p tajribaga ega emasman. Lekin hisob-fakturalarga qaraganda, oyiga 1 mln so‘mga yaqin mablag‘ tejab qolayapmiz.

bionovatic food, shaxsiy biznes, texnologiya

Panellarni ishlatish ko‘nikmasi haqida aytib bersangiz.

Issiqda ular 100% ishlaydi. Ammo bulutli ob-havo bo‘lsa, unumdorlik darhol 0 ga tushadi.

Bundan tashqari, chang ham ularning ishlashiga ta’sir qiladi — panellarning changlanishi qancha yuqori bo‘lsa, ishlashi ham shuncha past bo‘ladi. Ularni tozalashga hali olmaguningizchayetib bormadim. Yaxshiyamki, kecha yomg‘ir yog‘di, bu juda ko‘p yordam berdi. Ularni oyiga kamida bir marotaba tozalab turish kerak.

Panellarning ishlashi uchun rasmiy kafolat yo‘q, lekin o‘rtacha hisobda ular taxminan 10 yil ishlaydi. Hozir kam sonli odam utilizatsiya haqida o‘ylaydi, chunki texnologiya hali yangi. Ehtimol, vaqti kelib, qandaydir yechim paydo bo‘lishi mumkin.

Sizning shourumingiz Yunusobod sanoat zonasida joylashgan. Ayting-chi, bu sizga nima beradi va qanday qilib bu yerdan joy olgansiz?

Hozir bu yerda boshqa joy qolmagan. Loyihamning foydali ekanligini, ish o‘rinlari yaratishimni va soliq to‘lashimni isbotlab, tender orqali joy olganman.

Sanoat hududida qolishning asosiy afzalligi — ijara narxida, shahardagi tariflarga nisbatan 5−10 baravar arzon. Yana bir katta plyus — investitsiya majburiyatlari sharti bilan xususiylashtirish huquqi.

Investitsiya majburiyatlarini 3−4 barobar ortig‘i bilan bajardim. Belgilangan muddat tugagandan so‘ng, men xususiylashtirish uchun ariza berish huquqiga egaman. Ya’ni bu shaxsiy mulkimga aylanadi.

Kelgusida ushbu inshootni qayta qurib, texnologiyani amalga oshirish uchun katta ko‘p qavatli majmua qurishni rejalashtirganman.

Aytingchi, sanoat zonasida qanday muammolar mavjud? Nimani yaxshilashni xohlardingiz?

2012-yildan beri shu yerdaman. O‘sha paytda haqiqatan ham juda ko‘p muammolar bor edi: elektr yo‘qligi, chiqindilarni yig‘ish, yo‘llarning yomonligi va hokazo. Bir muncha vaqt o‘tgach, bu muammolarni vakolatli rahbarlar hal eta boshladi va biz to‘laydigan pullar (texnik xizmat, ijara) to‘g‘ri yo‘naltirildi.

Yaqin kelajak uchun qanday rejalaringiz bor?

O‘zbekistonda hali taqdim etilmagan juda yaxshi dastur bor — ko‘p qavatli uylarga daraxt va butalar ekish. Ma’lumki, hamma yerto‘lalar, asosan, to‘liq tartibsiz: quvurlardan suv oqasi va hokazo. Nima uchun bizning texnologiyani Toshkentning barcha yerto‘lalarida qo‘llamaslik kerak?

Biz nimaga erishamiz? Birinchidan, podval har doim toza, tartiblangan bo‘ladi va undan mazali qulupnay hidi kelib turadi. Ikkinchidan, aholining umumiy ishtiroki prinsipiga ko‘ra, ular butun hosilni o‘zlari olishlari mumkin. O‘ylab ko‘rish mumkin bo‘lgan yana ko‘p narsalar bor, lekin eng muhimi, bu estetik jihatdan yoqimli va chiroyli hisoblanadi.

O‘zbekistonda texnologiya va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligini tashkil etish orqali texnologiya va innovatsiyalarni rivojlantirish borasida katta qadam tashladi. Endi yoshlar va startaplarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘zim kursni tamomlaganman, hozir esa mentorman. Startap jamoalarining o‘sishiga yordam beraman.