Ijtimoiy tarmoqlarda “Tashabbusli budjet” doirasida loyihalarga ovoz yig‘ishda majburiy jalb qilish holati kuzatilayotgani qayd etilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu kabi holatlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, bunday vaziyatda nima qilish zarurligini tushuntirdi.
Xususan, “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida majburiy ovoz berish holatlari kuzatilsa zudlik bilan vazirlikning ishonch raqamlariga yoki “Ochiq budjet” axborot portalining onlayn murojaat bo‘limiga xabar berish so‘ralmoqda.
Shuningdek, +99871 2035141 +99871 2035050 hamda ichki 01115 raqamlari orqali ham bog‘lanish mumkin.
Majburiy ovoz to‘plash holatlari yuzasidan kelib tushgan barcha murojaatlar huquqiy baho berish uchun vakolatli organlarga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, Kambag‘allikni qisqartirish hamda bandlik vazirligi xodimlarning majburiy ovoz yig‘ish ishlariga jalb qilganlik uchun qanday jazo mavjudligi haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, “Tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorning 6-bandi bilan, budjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha xodimlarga topshiriq berishlari ta’qiqlanadi.
Bunda majburiy ovoz yig‘ishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi. Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi, xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 148²-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlik belgilangan.
“Tashabbusli budjet” doirasida loyihalarga ovoz berish bosqichi joriy yilning 27-avgustidan boshlangandi.
Avvalroq “Ochiq budjet” portaliga xakerlik hujumlari amalga oshirilgandi. Ovozlar sonini sun’iy ravishda ko‘paytirish maqsadida norasmiy botlar orqali ovoz yig‘ish, turli xil spam va xakerlik hujumlari kuzatilgan.