O‘zbekiston Misr bilan islomiy kreditlash masalalarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov va Misrning Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi bosh kotibi Yusef Xalavi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar islomiy kreditlash masalalarini muhokama qildi. O‘zbekiston tomoni “Qishloq qurilish banki"ning “Biznesni rivojlantirish banki” bo‘lishi kutilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berib, shu sabab, tadbirkorlarni islomiy kreditlash shartlari qiziqtirayotgani haqida ta’kidladi.

Yusef Xalavi Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi kuchli tahliliy-axborot bazasiga egaligi va dunyo mamlakatlarining texnik-iqtisodiy tahlillarini olib borishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Misr tomoni mazkur xizmatlar Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi a’zolari uchun bepul ekanligini va bundan manfaatdor mamlakatlardagi potensial investorlarga yordam berishi haqida ham qayd etdi.

Shuningdek, Yusef Xalavi palatalar o‘rtasida tegishli bitim imzolanishi maqsadga muvofiqligini ta’kidladi hamda Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasiga a’zo bo‘lish taklifini berdi.

Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi 1976-yilda Islom hamkorlik tashkiloti shafeligida tashkil etilgan. Uning maqsadi tashkilotga a’zo mamlakatlarda xususiy musulmon tadbirkorligini rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan.

Palata Kengashi 18 kishidan iborat bo‘lib, Karachi, Qohira va Istanbulda filiallariga ega. Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasining barcha musulmon mamlakatlari uchun Arbitraj markazi Istanbulda joylashgan.


Avvalroq O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlar kengashini tuzishga kelishib olgandi. Mamlakatning “Hassan Allam Holding” kompaniyasi esa O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqmoqda.