Nodavlat oliygoh talabalariga ijara puli qoplab berilishi haqida Telegramdagi Ta’lim nazorati kanali ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, hukumatning 2021-yilning sentabr oyidagi tegishli qarorida davlat OTMlari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish belgilangan.

Ijara to‘lovini qoplab berish uchun mablag‘lar davlat budjeti hisobidan ajratiladi. Bunda davlat OTMlarining faqat kunduzgi ta’lim shaklida, davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladigan va ijarada yashovchi talabalarining xarajatlari qoplab beriladi.

Nodavlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi talabalarning ijara pulini qoplab berish nazarda tutilmagan.

Bunda talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar quyidagicha qoplanadi:

  • Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (330 ming so‘m);
  • qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (165 ming so‘m).

Shuningdek, 1-bosqich talabalariga sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Noyabr oyidan boshlab esa ijara shartnomasini ko‘rsatgan holda ijara xarajatlarining bir qismini qoplash mumkin.