“Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat unitar korxonasi “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartiriladi va uning ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketi Markaziy bankka o‘tkaziladi.

Shuningdek, Respublika valyuta birjasi ta’sischiligida “Milliy kliring markazi” tashkil etiladi.

2025-yildan davlat va korporativ qimmatli qog‘ozlarning yagona hisobi “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi"da yuritiladi.

2028-yilning oxirigacha “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi”, Respublika valyuta birjasi va “Toshkent” fond birjasi mablag‘larni maqsadli ravishda ularni rivojlantirishga yo‘naltirgan holda dividendlarni hisoblash va to‘lashdan ozod qilinadi.

Kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy qilinadi.

Joriy yilning 1-oktabridan davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida ommaviy taklif qilish orqali joylashtirilgandan so‘ng kamida 7 yil davomida mazkur korxonalar sof foydasining kamida 30%i dividend to‘lashga yo‘naltiriladi.

Davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi anderrayterlarning xizmat haqi qimmatli qog‘ozlar rejalashtirilganga nisbatan qimmatroq yoki ko‘proq joylashtirilganligi natijasida shartnomada kelishilgan miqdordan oshgan hollarda, shartnoma boshlang‘ich narxini 10%dan ortiqqa oshirmaslik to‘g‘risidagi cheklov bekor qilinadi.

Qimmatli qog‘ozlar fond birjasi listingiga kiritilmagan aksiyadorlik jamiyatlarining rasmiy veb-sayti bo‘lishi haqidagi majburiy talab bekor qilinadi. Davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno.


Avvalroq Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tashkilotlar ustav kapitalidagi o‘ziga tegishli davlat aksiya paketlari ishonchnoma asosida cheklanmagan muddatga Iqtisodiyot va moliya vazirligiga berilishi belgilangandi.