Avvalroq Toshkent aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminali oldidagi maydon rekonstruksiya qilinayotgani haqida xabar berilgandi.
Ikki haftalik rekonstruksiyadan keyin “Toshkent-3” mahalliy aviaqatnovlar terminali old qismi qayta ochildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Transport vositalarining terminal oldiga kelishi soddalashtirilib, uchta alohida yo‘lak paydo bo‘ldi: rasmiy aeroport taksi xizmatlari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar hamda kuzatuvchi va kutib oluvchilar avtomobillari, shu jumladan agregatorlar bilan ishlaydigan taksilar uchun.
Hududga barcha yengil avtomobillar, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha qisqa muddatli kirishga ruxsat beriladi. Avtomobilning yo‘lakda o‘tkazgan vaqti 10 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, o‘rnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashtirilgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarima soladi.
Shuningdek, kelishning o‘ng va chap yo‘laklarini ajratib turuvchi sariq chiziqda to‘xtash taqiqlanadi va bu qoidabuzarlik hisoblanadi, buning uchun jarima ham nazarda tutiladi.
“Bugungacha ma’lum bir xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari terminal oldiga kira olmasdi. Endilikda haydovchilar uchun xalqaro standartlarga muvofiq, yo‘lovchilarni terminalda qoldirib, olib ketishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berdik”, — deyiladi “Uzbekistan Airports” Aviatsiya xavfsizligi xizmati xabarida.
2024-yilgacha O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda erminal oldi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Avvalroq “Uzbekistan Airports” “Airports Council International” (ACI) bilan hamkorlikni qayta tiklagandi.