Joriy yilning birinchi yarmida ish beruvchilar hh.uz'da 40 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarini ochgan. Bu haqda xizmat hisobotida keltirilgan (“Spot"da mavjud).

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan yangi ish takliflari soni 47%ga oshdi. O‘tgan yarim yilga nisbatan sezilarli o‘sish ham bor — 20%.

Xizmat bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlarining asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 84%. Samarqand 4,3% va Buxoro 1,3% bilan kuchli uchlikka kirdi.

Takliflar sonining o‘sishi bo‘yicha yetakchi Farg‘ona (23%), poytaxt (22%), Namangan va Qarshi (21%) shaharlari bo‘ldi.

Hisobot davrida soliqqa tortilgunga qadar ish haqi bo‘yicha takliflarning o‘rtacha arifmetik ko‘rsatkichi 5,029 mln so‘mga yetdi. O‘tgan yarim yilga nisbatan 11%ga oshgan.

Eng ko‘p maosh oladigan bo‘sh ish o‘rinlari savdo menejerlari, raqamli marketologlar, DevOps muhandislari, Android, Python va Java dasturchilari hamda moliyaviy direktorlar va ko‘chmas mulk agentlari (rieltorlar) bo‘ldi. Takliflarning 9%ida maosh $1000dan baland.

Yanvar-iyun oylarida 120 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ushbu xizmat orqali faol ravishda ish izlagan. Bu 2022-yilning ikkinchi yarmiga nisbatan 60,5%ga, birinchi yarmiga nisbatan esa 110%ga ko‘p. Rezyume va bo‘sh ish o‘rinlari nisbati (hh.index) yilning birinchi yarmida 1:3ni tashkil etdi.

Xizmat vakillari ta’kidlaganidek, bu kadrlar yetishmasligidan dalolat beradi. Ayniqsa, malakali xodimlar, xususan, o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli ishchilar va oliy texnik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislarning yetishmasligi keskin sezilmoqda.

Bo‘sh ish o‘rinlari misolida bo‘lgani kabi, eng faol ish izlovchilar Toshkent shahrida istiqomat qiladi (78,5%). Ulardan keyin Samarqand (3%), Buxoro (1,7%), Farg‘ona (1,6%) va Andijon (1,4%) shaharlari joylashgan.

Ish izlovchilar ko‘pincha quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha ish qidiradi:

  • savdo menejeri, mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha menejer;
  • administrator;
  • dasturchi, ishlab chiquvchi;
  • savdo konsultanti, savdo bo‘yicha yordamchi;
  • buxgalter;
  • muhandis-konstruktor, loyiha muhandisi;
  • haydovchi;
  • sotib olish bo‘yicha menejer;
  • o‘qituvchi, muallim, pedagog;
  • ofitsiant, barmen, barista.

Olti oy davomida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha 4 mlndan ortiq javob, undan keyin esa ish beruvchilardan 500 ming taklif kelib tushdi. Bu bitta suhbat uchun o‘rtacha 8ta bo‘sh ish o‘rniga (o‘tgan yili — 7) to‘g‘ri keladi.


Avvalroq O‘zbekistonda erkaklar va ayollar ish haqi o‘rtasidagi farq 39%ni tashkil etishi haqida ma’lum qilingandi.