Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekiston hukumatiga normativ-huquqiy bazani yangilashda yordam beradi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tegishli kelishuv joriy yilning 29-avgust kuni Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining oraliq majlisi doirasida imzolangan. O‘z doirasida XMK “milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha texnik va maslahat yordami"ni ko‘rsatadi.
Gap biznes va sarmoyaga oid qonunchilik bazasini xalqaro tajribaga moslashtirish haqida bormoqda. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishini rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
IFC vakillari Yaponiya hukumati yordamida mahalliy hokimiyat organlariga yangi investitsiya qonunchiligini tayyorlash bo‘yicha maslahat beradi. Rejaga ko‘ra, quyidagilar belgilanmoqda:
- mahalliy bozorga kirishning aniq qoidalarini belgilash;
- xorijiy investorlar va ularning investitsiyalariga teng munosabatda bo‘lishini ta’minlash;
- nizolarni hal qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash.
Shuningdek, XMK O‘zbekistonda xususiy sektorning maxsus iqtisodiy zonalarini tashkil etish va faoliyatida ishtirok etishiga imkon beruvchi normalarni joriy etishga yordam beradi.
Shu qatorda, texnik-iqtisodiy asoslash va ekologik xavfsizlikni tahlil qilish asosida EIZ uchun uchastkalarni tanlashni ta’minlash ko‘zda tutilgan.
“Islohotlar O‘zbekistonning „katta“ sarmoyaviy salohiyatini ochish uchun asos bo‘ladi”, — dedi yig‘ilishda ishtirok etgan XMKning Yaqin Sharq Markaziy Osiyo, Turkiya, Pokiston va Afg‘onistonda bozorni rivojlantirish bo‘yicha maslahat bo‘limi menejeri vazifasini bajaruvchi Vim Dou.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ular “hukumatning iqtisodiy transformatsiyalar va barqaror iqtisodiy o‘sish bo‘yicha maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun sarmoyaviy kapital, ilg‘or yechimlar va texnologiyalarni taklif qilishga tayyor bo‘lgan xalqaro investorlarni” jalb qilishga yordam beradi.
2022-yilning noyabr oyida Xalqaro moliya korporatsiyasining bosh direktori Mahtar Diop O‘zbekistonda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo’yicha yirik dastur joriy etilishini ma’lum qilgandi.
Joriy yilning may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi XMK bilan “Navoiyazot” korxonasini xususiylashtirishga ko‘maklashishga kelishib olgandi.