Avvalroq migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda avtomototransport vositalarini ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilingandi. Unda davlat xizmatlarini yashash joyiga chiqqan holda amalga oshirish belgilangandi.
Hukumat qarori bilan davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, davlat xizmatlari Adliya vazirligining Aloqa markaziga (“Call-markaz”) yoki uning rasmiy saytiga murojaat qilish orqali ko‘rsatiladi.
Qanday foydalanish mumkin?
“Call-markaz” orqali so‘rovnomalar soat 09:00dan 18:00gacha ish vaqti davomida qabul qilinadi. Rasmiy veb-sayt orqali sutkaning istalgan vaqtida murojaat qilish mumkin.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish vaqti Davlat xizmatlari markazlari (vakolatli organ)ning ish vaqti doirasida belgilanadi.
“Call-markaz” mas’ul xodimi ariza beruvchi nomidan so‘rovnomani to‘ldiradi va so‘rovnomadagi ma’lumotlar tasdiqlangandan so‘ng ariza beruvchiga to‘lov invoysini yuboradi.
So‘ng mas’ul xodim ariza beruvchi bilan telefon orqali bog‘lanib, so‘rovnomada ko‘rsatilgan joyga chiqadi hamda maxsus texnik qurilmalar yordamida (planshet yoki kompyuterga o‘rnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) davlat xizmatini ko‘rsatadi yoki ulardan foydalanish uchun ariza yuboradi. Jarayon esa so‘rovnomada belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
To‘lovlar mavjudmi?
Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish yoki ulardan foydalanishga ariza yuborish uchun hududlarga qarab quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi:
- Toshkentda BHMning 50%i — 165 ming so‘m;
- viloyat markazlarida BHMning 40%i — 132 ming so‘m;
- tuman (shahar)larda BHMning 30%i — 99 ming so‘m.
O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lganlarga davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
Shuningdek, mazkur reglament quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
- milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishga;
- O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmaganlarning identifikatsiyalovchi ID-kartasini hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga;
- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishga.
Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatish joriy yilning 1-oktabridan amalga oshiriladi.
Avvalroq ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi nizolarni sudgacha hal qilish tartibi belgilangandi.