“Ortadoğu” va “Art Soft” kompaniyalari Namanganda turar-joy va mehmonxona kompleksini barpo etadi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Turkiyaning “Ortadoğu Holding” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Tomonlar “Art Soft Holding” kompaniyasi hamkorligida Namangan shahrida yer osti avtoturargohiga ega turar-joy kompleksini qurish loyihasini muhokama qilishdi.

Unga ko‘ra, 1,75 ga maydonda 6 ta 20 va 14 qavatli 800 ta xonadonli turar-joy majmuasini barpo etish rejalashtirilmoqda.

Majmua yer osti avtoturargohi hamda pastki qavatlarida noturar, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlariga ega bo‘ladi. Shuningdek, bu yerda bolalar o‘yingohi, futbol maydonchasi, piyodalar yo‘lagi, favvora va yashil hudud barpo etiladi.

Viloyat hokimi bu loyiha amalga oshiriladigan hudud shaharning markazi ekanligini ta’kidlab, loyiha ichiga mehmonxona ham qurish maqsadga muvofiqligini qayd etdi.

Shuningdek, Turkiya tomonga Yangi Namangan shaharchasida ham yirik qurilish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlari mavjudligi bildirildi. Turk xoldinggi vakillari esa bu bo‘yicha ham taklif tayyorlashlarini ma’lum qildi.

Ortadoğu Holding” kompaniyasi 1981-yilda qurilish va logistika sohalaridagi faoliyat bilan ish boshlagan. Turli katta inshootlar qurish, ekologik toza energiya ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash xizmatlari sohasida hamda xalqaro quruqlik transportida tajribaga ega.


Avvalroq Xitoyning “Yutong bus” kompaniyasi Namanganga 100ta avtobus yetkazib berishi ma’lum qilingandi.