Aholi tomonidan naqd valyutani bojxonadan deklaratsiyasiz olib o‘tish miqdori oshirildi. Bu bo‘yicha, hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.
Xususan, aholi tomonidan olib kirish va olib chiqish mumkin bo‘lgan naqd valyuta miqdori 100 mln so‘mgacha etib belgilandi. Oldin bu ko‘rsatkich 70 mln so‘mni tashkil etgan.
Mazkur ekvivalentdan ortiq miqdordagi naqd O‘zbekiston yoki chet el valyutasi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.
Fuqarolar deklaratsiya to‘ldirish talab etiladigan belgilangan ekvivalentdan ortiq naqd valyuta mablag‘larini bojxona nazorati shakllari qo‘llanilmasdan oldin deklaratsiyalamagan holda bojxona organlari xodimlariga maslahat olish maqsadida taqdim etsa, ularga deklaratsiya to‘ldirish qoidalari haqida umumiy tushuntirishlar beriladi.
Oldin mazkur qoida ham mavjud emas edi. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tib kuchga kiradi.
Avvalroq O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida yashil va qizil tizim tugatilib, ularning o‘rnida masofaviy bojxona nazorati joriy etilgandi.