2023/2024-o‘quv yili uchun Davlat OTMlarining barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbot xizmati ma’lum qildi.
Bu talabalar va ularning ota-onalariga yengillik yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash hamda aholining to‘lov qobiliyatini inobatga olgan holda, istisno tarzida amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Bunda, barcha bosqichdagi talabalarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdori davlat OTMlari hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlarda ham bazaviy to‘lov-kontrakt qiymati 2022/2023-o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlab qolinadi.
Shu bilan birga, 2023/2024-o‘quv yili tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari ham o‘tgan o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qoladi.
Joriy o‘quv yili qabulida to‘plagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga yetmagan, lekin tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga, istisno tarzida yangi o‘quv yili boshlanishidan shartnomalar rasmiylashtirishga hamda bir yillik o‘qitish qiymatining 50%ini to‘laganlarni talabalar safiga qabul qilishga ruxsat berildi.
Shuningdek, tasdiqlangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatini joriy yilning 15-oktabrigacha to‘liq to‘lagan abituriyentlar uchun 10% miqdorida chegirma taqdim etiladi.
Avvalroq “Spot” kontrakt pulining bir qismi kimlarga to‘lab berilishi haqida ma’lumot bergandi. Xususan, yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan talabalarga to‘lov-kontraktining 50%igacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdori qoplab beriladi.