Vazirlar Mahkamasi tashqi reklama va axborotni ommaviy joylashtirish sohasini tartibga solish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda “UzA” xabar bermoqda.
Yangi chora-tadbirlar reklama sohasi ustidan nazoratni joriy etish, ushbu bozor ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlar va uning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Unga ko‘ra, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etiladi.
Reklama konstruksiyalarini o‘rnatish uchun yig‘im va ularda reklama ma’lumotlarini joylashtirish uchun yig‘im o‘rniga yagona to‘lov joriy etiladi. Bu onlayn-auksion natijalariga ko‘ra aniqlanadi.
Reklama obyektlari bilan savdolar E-auksionda o‘tkaziladi. G‘olibga avtomatik ravishda reklama joyining pasporti ham, uni o‘rnatish bo‘yicha shartnomalar ham beriladi.
1-dekabrdan boshlab ijara haqining stavkalari bir kvadrat metr uchun Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 20%i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ma’muriy markazlarida 10%i hamda boshqa hududlarda 7%i miqdorida belgilanadi.
2023-yil 1-dekabrga qadar tashqi reklama va axborot ob’ektlari (konstruktsiyalari) xatlovdan o‘tkaziladi va ular ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.
Amal qilish muddati belgilanmagan reklama joyi pasportlarining amal qilish muddati davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar uchun 2024-yil 1-dekabrgacha va yer uchastkalari uchun 2030-yil 1-dekabrgacha etib belgilanadi.
2018-yildagi tegishli qaror bilan tashqi reklama obyektlarini yer uchastkalarida va davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida ochiq elektron auksionlar orqali sotishning boshlang‘ich narxi:
yer uchastkalari uchun — ushbu yer uchastkasi uchun belgilangan yer solig‘ining 10 barobari miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘zda tutilgan foydalanish muddatining har bir yili uchun;
- davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar uchun — bino va inshootning fasad qismi hamda perimetri bo‘yicha, shuningdek har bir reklama peshlavha uchun ko‘zda tutilgan foydalanish muddatining 1 kv.m. uchun eng kam ijara haqi miqdorida belgilanadi.
Avvalroq “Spot” kompaniyalar korporativ kartalar orqali onlayn reklama uchun haq to‘lashlari mumkinligi haqida yozgandi.
Mazkur tizim joriy yilning 1-iyulidan tatbiq etilib, maksimal miqdor kalendar oyiga $5 mingni tashkil etadi.