Rossiyaning “Medsi” klinikalar va tibbiyot markazlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkin, deya xabar berdi “Kommersant” nashri.
Unga ko‘ra, guruh tibbiy xizmatlar sohasida ikkita brendni ro‘yxatdan o‘tkazdi — “Medsi International Healthcare” va “Medsi Medicine of Competence”. Ulardan Armaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va MDHning boshqa mamlakatlari hamda BAA, Serbiya va Gruziya bozorlarida ishlash uchun foydalanilishi kutilmoqda.
“RNC Pharma” rivojlanish direktori Nikolay Bespalovning taklifiga ko‘ra, “Medsi” BAA, Serbiya va bir qator postsovet mamlakatlarida franshiza bo‘yicha korxonalar ochishi mumkin.
U Rossiya tibbiyot klinikalarining tashqi bozorlarga bo‘lgan qiziqishini u yerga mamlakatdan ko‘plab relokantlarning ko‘chib o‘tishi bilan izohlaydi. Xalqaro klinikalarda diagnostikadan o‘tayotgan ruslar ingliz tilini yaxshi bilishmagani uchun rus tilida so‘zlashuvchi mutaxassislarga murojaat qilishadi.
Bundan tashqari, MDH mamlakatlarida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish cheklangan. Shu bilan birga, talab o‘tgan kuzda to‘lov qobiliyatiga ega ruslarning ko‘chirilishi natijasida o‘sdi.
“Ular o‘z uylarida xususiy klinikalarda xizmat ko‘rsatishning ma’lum darajasiga o‘rganib qolishgan, bu postsovet mamlakatlarida hali unchalik yuqori emas”, — deb ta’kidlaydi Bespalov.
Mutaxassis postsovet mamlakatlari bozorida ishlashning qiyinchiliklari sifatida sanoat qonunchiligidagi farqlarni, malakali kadrlar yetishmasligini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, relokantlarning masofaviy ishlashi uchun cheklovlar hamda to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolari mavjud.
“Medsi” 1996-yilda tashkil etilgan va hozirda 140ta klinika va tibbiyot markazlarini (ulardan 64tasi Moskva shahri va Moskva viloyatida) o‘z ichiga oladi. Hozirda “Sistema” guruhining bir qismi bo‘lgan tarmoq Rossiyadagi tijorat tibbiyot bozoridagi eng yirik o‘yinchi hisoblanadi.
Avvalroq AQShning “Medzon Health” kompaniyasi Farg‘onada tibbiy buyumlar ishlab chiqarish zavodini qurishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.