Avvalroq “Oson” va “PayWay” 5-sentabrdan xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘ygani haqida xabar berilgandi.

“Oson” to‘lov tashkiloti xalqaro pul o‘tkazmalari va xorijiy xizmatlar uchun, “PayWay” to‘lov platformasi esa barcha xalqaro yo‘nalishlarga, jumladan, Rossiyadan va Rossiyaga pul o‘tkazmalari uchun xizmatlarni vaqtincha o‘chirdi.

Markaziy bank to‘lov tashkilotlariga o‘rnatilayotgan cheklovlar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Unga ko‘ra, “Brio Group” (Oson) to‘lov tashkiloti tomonidan Ichki nazorat qoidalarining (ro‘yxat raqami 3266, 2020-yil, 30-iyun) 31¹-bandi talablari bajarilmagan.

Ya’ni, oluvchisi yoki jo‘natuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarni aks ettirmasdan va bu turdagi xalqaro pul o‘tkazmalarini aniqlash bo‘yicha asosli hamda zaruriy choralar ko‘rilmaganligi ma’lum qilindi.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, rezident yuridik shaxslarga chet elda hisobvaraqlar ochish va undagi valyuta mablag‘larini tasarruf etish prezident yoki hukumat qarorlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.

Biroq, amaliyotda “Brio Group” to‘lov tashkiloti xorijiy bankda hisobvaraq ochib, mazkur bank hisobvarag‘i orqali yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda amaliyotlar o‘tkazgan.

“To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonunning 4-moddasiga asosan to‘lov tashkiloti bank hisoblanmaydigan, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs hisoblanadi. Shuningdek, ular Markaziy bank litsenziyasi asosida mamlakat hududida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega.

To‘lov xizmatlari esa to‘lov tashkilotining mijozga ko‘rsatadigan xizmati bo‘lib, bunda to‘lov tashkilotlari bevosita tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchi yoki sotuvchi sifatida ishtirok etmaydi va to‘lovlarini chet eldagi benefitsiarlarga yetkazib berish hamda ulardan qabul qilish xizmati ular uchun tashqi savdo operatsiyasi hisoblanmaydi.

Shu sabab, to‘lov tashkilotlari o‘z mijozlarining to‘lovlarini chet eldagi benefitsiarga yetkazib berish amaliyotlarini tashqi savdo operatsiyasi sifatida tasniflab, qabul qilingan mablag‘larni boshqa valyutalarga ayirboshlashlari hamda transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operatsiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emas.

O‘zbekistonda xalqaro to‘lov xizmatlari va xalqaro pul o‘tkazmalari hamda xalqaro onlayn xizmatlarga to‘lovlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan bo‘lib, tijorat banklarining platformalari orqali to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Markaziy bank bundan keyin ham to‘lov tashkilotlari faoliyatida qonunchilik buzilishi holatlarini muntazam nazorat qilib, to‘lov tashkilotlarining qonunchilik doirasida faoliyat yuritishlari uchun barcha choralarni ko‘rishi qayd etilgan xabarda.

Avvalroq Markaziy bank “Oson” to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagandi. Bunga kompaniyaning jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik talablarini buzgani sabab bo‘lgan.

Shuningdek, regulyator boshqa to‘lov tashkilotlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklarni yo‘l qo‘yilgan bu kabi qoidabuzarliklar uchun qat’iy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirgandi.