“Yandex” “Alisa” ovozli yordamchisiga qozoq tilini qo‘shdi. Bu haqda “Vedomosti"ga kompaniyaning qidiruv va reklama texnologiyalari biznes guruhi rahbari Dmitriy Masyuk ma’lum qildi.

Uning taʼkidlashicha, 2023-yil oxiriga kelib qozoq tilidagi ovozli yordamchi “Yandex” brauzerida kompyuterlar, smartfonlar va mobil ilovada mavjud bo‘ladi.

“Yandex” qidiruv xizmatlari, xaritalari va navigatsiyasi allaqachon qozoq tilida ishlaydi, deb yozadi nashr.

Shuningdek, Qozog‘istonda “Yandex Stansiya” aqlli kolonkalari sotiladi. Kompaniyaning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi “Yandex” mahsulotlarining oylik auditoriyasi 10 mlnga yaqin foydalanuvchini tashkil qiladi.

Bir necha yil oldin “Yandex” “Alisa"ga boshqa tillarni qo‘shish imkoniyati haqida gapirgandi, hozirda u faqat rus tilida “gapiradi”.

2018-yilda “Vedomosti” kompaniya “Alisa"ga ukrain va qozoq tillarini o‘rgatishini yozgan edi.

2023-yil may oyida “Kommersant” “Yandex” “Alisa"ga yangi tillarni qo‘llab-quvvatlash ustida ishlashga xodimlarni jalb qilayotganini ma’lum qildi.


Avvalroq “Spot” “Yandex SpeechKit” dasturiga o‘zbek tili qo‘shilgani haqida yozgandi.

Neyron tarmoq nafaqat nutqni, balki so‘zdagi tovushning xususiyatlari va murakkab familiyalarni talaffuz qilishda yordam beradi.