Avstriya kompaniyalari Qashqadaryoda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqchi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

Viloyatning Kitob tumani hokimi O‘ktam Pardayev boshchiligidagi delegatsiya Avstriyada bo‘lib, investitsiyalarni jalb qilish va biznesmenlar bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha muhokamalar olib bordi.

Xususan, Avstriyaning “Lasselsberger Group” kompaniyasi bosh direktori Yozef Lasselsberger bilan toshni qayta ishlab, qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Loyiha Kitob tumanida turli xil qurilish materiallarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi. Uni amalga oshirish doirasida sentabr oyida Yozef Lasselsbergerning Qashqadaryo viloyatiga safari amalga oshiriladi.

“AME International GmbH” kompaniyasi direktori Xays Messinger bilan Qashqadaryoda raqamli sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish hamda kasalxona qurish loyihasini ishlab chiqish loyihasi muhokama qilindi.

Kasalnxona innovatsion texnologiyalarni va yadroviy tibbiyot uskunalarini qo‘llab, onkologiya kasalliklariga ixtisoslashishi ta’kidlanmoqda. Kompaniya direktori loyihani boshlashga va buning uchun Avstriya Nazorat banki (OeKB) va “UniCredit Bank Austria AG” tomonidan “soft-loun"lar (imtiyozli kredit liniyalari) ajratilishiga ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, Avstriya Federal iqtisodiy palatasi Janubi-Sharqiy Yevropa, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik departamenti direktori Kozime Shtayner bilan yangi investitsiyaviy va eksport shartnomalarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.


Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston va Avstriya mehnat migrantlarini tayyorlash va malakasini oshirish markazini ochishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.