Hukumat qarori bilan naslchilik xo‘jaligi maqomini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, naslchilik xo‘jaligi maqomi talabgorning murojaatida ko‘rsatilgan muayyan toifaga mansub zotdagi chorva hayvonlari turiga yoki faoliyat yo‘nalishiga qarab beriladi.

Bu toifa ichida yovvoyi va xonaki hayvonlar, parrandalar, baliqlar, muayyan hayvonlar hamda asalari kabilar bor.

Talabgor yoki uning vakili xizmatdan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi yoki Yagona portal orqali ariza jo‘natishi mumkin.

Bunda, so‘rovnoma to‘ldirilib, quyidagilar ilova qilinadi:

  • naslchilik zavodi, naslchilik xo‘jaligi, genofoid xo‘jaligi maqomini olishga talabgorlar uchun — so‘nggi 3 yilda o‘tkazilgan naslli mahsulotlar (materiallar) bonitirovkasi natijalari bo‘yicha ma’lumotnomalar nusxasi;
  • nasldor chorva hayvonlarining identifikatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • tegishli chorva hayvonlari turlari bo‘yicha naslchilik xo‘jaligi maqomini olish uchun minimal talablarga muvofiqligi bo‘yicha talabgor tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar.

Davlat xizmati ko‘rsatganlik uchun BHMning 2 baravari — 660 ming so‘m miqdorida yig‘im undiriladi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanilganda bu miqdor 594 ming so‘mni tashkil etadi.

Vakolatli organ so‘rovnomadagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini aniqlash uchun 10 ish kuni ichida joyiga chiqqan holda o‘rganadi.

Shuningdek, o‘rganish vaqtida tumanlar (shaharlar) veterinariya bo‘limlari orqali talabgorning epizootik barqarorligi, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari ham o‘rganiladi.

Naslchilik xo‘jaligi maqomi berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma 5 yil muddatga beriladi hamda uni boshqa shaxsga foydalanish uchun berish mumkin emas.


Avvalroq ko‘chmas mulk tarixiga oid ma’lumotlarni onlayn olish imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi.