“Centrum Air” aviakompaniyasi Urganch-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha qatnovni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Parvozlar 7-sentabrdan quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:
- Urganchdan uchish vaqti — 9:30;
- Toshkentga yetib kelish vaqti — 11:00.
Xabar e’lon qilingan vaqtga eng arzon chipta narxi 771 ming so‘mni tashkil etadi.
Batafsil ma’lumotni (55) 518 88 88 telefon raqamlari yoki kompaniya saytidan olish mumkin.
“Centrum Air” “My Freighter” yuk aviakompaniyasi asoschilari tomonidan yaratilgan. Aviakompaniyaga yil boshida yo‘lovchi tashish uchun ruxsat berildi hamda o‘zining birinchi ikkita Airbus A320−232 samolyotini sotib oldi.
Shu bilan birinchi parvozini Farg‘onaga amalga oshirdi hamda fevral oyida Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida charter reyslarni yo‘lga qo‘ydi.
Aprel oyida Namangan va Toshkentdan Jidda shahriga parvoz qila boshladi. May oyida Toshkent-Sharm El-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslar yo‘lga qo‘yildi.
Umuman, kompaniya Toshkentdan Tbilisi, Hurgada hamda Olmaotaga ham parvozlarni boshlagan. Iyunga kelib, Urganch, Buxoro va Termizni Moskva bilan bog‘ladi.
Iyul oyi oxirida esa aviatashuvchi Sankt-Peterburgdan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi.