“Toshkent” xalqaro aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminalida “Mooz Coffee” kafesi ochildi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

Yangi ovqatlanish punkti uchib ketish zalining “steril” hududida joylashgan bo‘lib, kechayu kunduz ishlaydi.

Qahvaxona menyusida issiq va sovuq ichimliklar, pishiriqlar, shirinliklar, sendvich va salatlar mavjud.

“Toshkent aeroportida filialimizning ochilishiga tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilar uchun vaqt va qulaylik eng muhimi ekanligini hisobga oldik. Vaqtni tejash tamoyiliga qat’iy rioya qilgan holda ishlaydigan malakali kadrlarni tanladik”, — dedi “Mooz Coffee” vakili.

Uning qayd etishicha, menyu ham o‘zbekistonliklarning, ham xorijlik sayyohlarning didi va ehtiyojlari xilma-xilligini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va moslashtirilgan.

Shuningdek, bortga olib chiqish mumkin bo‘lgan qulay va xavfsiz idishlarni tanladik. Endi esa katta quvonch bilan yo‘lovchilarni poytaxt aeroportida kutib olishga tayyormiz, deya o‘shimcha qilgan u.

Mooz Coffee” — Qozog‘istondagi mashhur qahvaxonalar tarmog‘i. Brendning O‘zbekistondagi rasmiy vakili “Comfort Development” kompaniyasi bo‘lib, u Toshkent aeroportidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasini tashkil etish uchun auksionda g‘olib chiqqan edi.


Avvalroq “Spot” “Toshkent” aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminali old qismi qayta ochilgani haqida yozgandi.

Hududga yengil avtomobillar, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha kirishga ruxsat beriladi. Bu vaqtdan o‘tib ketgan taqdirda avtomatik tarzda jarima solinadi.