1-sentabr kuni Jizzaxning Zomin tumani “Laylak uya” massivida “Zomin” aeroporti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.

Endilikda boshlab Zominga kunlik muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yilmoqda, deya xabar berdi “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bir tomonlama aviachipta narxi 105 ming so‘mdan boshlanadi.

Qatnovlar quyidagi jadval bo‘yicha amalga oshiriladi:

Toshkent-Zomin-Samarqand:

  • Toshkentdan jo‘nab ketish 08:30 — Zominga yetib borish 09:05;
  • Zomindan jo‘nab ketish 09:35 — Samarqandga yetib borish 10:20.
Samarqand-Zomin-Toshkent:
  • Samarqanddan jo‘nab ketish 11:20 — Zominga yetib borish 12:05;
  • Zomindan jo‘nab ketish 12:35 — Toshkentga yetib borish 13:10.

Mamlakatning uchta hududi bo‘ylab aviqatnovni amalga oshirish ichki turizmni rivojlantirishga, shuningdek yo‘lovchilarning mobilligini oshirishga xizmat qiladi.

Aeroport haqida

“Uzbekistan Airways” “Zomin” aeroporti qurilishini 27-iyulda boshladi va 1-sentabrda asosiy qurilish ishlarini yakunladi.

“Tres 001” qurilish tashkiloti tomonidan bunyod etilgan mazkur aeroport 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminaliga ega bo‘lib, buning uchun 60 gektar yer maydon ajratilgan.

Aeroport majmuasi uzunligi 1200 metr bo‘lgan asfalt uchish-qo‘nish yo‘lagi, ikkita samolyot turishi uchun joy, boshqaruv minorasi va aeroport binosi, u yerda yer usti xizmatlari joylashgan.

Aeroportda jami 200 dan ziyod xodimlar faoliyat yuritib, 110 ta texnika bilan ishlar olib boriladi. Shuningdek, aeroport infratuzilmasi, muxandislik kommunikatsiyasi, uchish-qo‘nish, xarakatlanish yo‘laklari va perronni loyihalash jarayonlari kechmoqda.