3-sentabr kuni Qozog‘istonning Olma-ota shahridan o‘z harakatini boshlagan navbatdagi turistik charter poyezd bugun Toshkent markaziy temir yo‘l vokzaliga yetib keldi. Bu haqda “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” xabar berdi.

Dunyoning 14 ta mamlakatidan 100 nafarga yaqin sayyohlar mazkur poyezdda Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab sayohat qilishmoqda.

Hozirgi kunda “Orient Silk Road Express” nomi bilan “Toshkent-Buxoro-Xiva-Xo‘jand-Samarqand-Kitob-Qamashi-Qo‘qon-Toshkent-Bishkek-Olma-Ota” yo‘nalishida harakatlanadi.

Charter poyezd AQSh, Avstriya, Malayziya, Shvetsariya, Germaniya, Angliya, Ispaniya, Fransiya, Lyuksemburg, Kanada, Indoneziya va Irlandiya kabi davlatlar sayyohlariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Poyezd 12 ta asosiy vagondan va 1 ta zahira vagondan iborat. Ya’ni, 4 ta lyuks vagon (har biri 8 o‘rinli), 4 ta yuqori qulaylikdagi o‘z dushiga ega bo‘lgan vagon (16 o‘rinli), 2 ta restoran vagoni, xodimlar uchun 1 ta vagon mavjud.

Barcha vagonlar milliy uslubda bezatilgan. Mahalliy ishlab chiqarilgan vagonlarda devorlar o‘zbek miniatyuralari uslubida, derazalarda — adras pardalari, oyoqlar osti — sharqona naqshli qizil gilamlar bilan bezatilgan. Bundan tashqari, har bir vagonda televizor, kiyim-kechak shkaflari hojatxona va boshqa zarur narsalar mavjud.

Ushbu turistik charter poyezdida mamlatimizga kelgan sayyohlar 9 kun davomida yurtimizning tarixiy shaharlarini tomosha qiladilar. Shundan so‘ng, qo‘shni davlatlarga jo‘nab ketadilar.


Avvalroq “Orient Silk Road Express” turistik charter poyezdi birinchi qatnovini amalga oshirilgani haqida xabar berilgandi.

Sayohatlar Germaniyaning “Lernidee Erlebnisreisen” turistik kompaniyasi bilan tashkil etiladi. Birinchi qatnovda Norvegiya, Shvetsariya, Fransiya, Germaniya, AQSH va boshqa davlatlardan kelgan 60 nafar sayyohni qabul qilgan.

Sayohat davomida O‘zbekistondan tashqari yo‘lovchilar Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ham tashrif buyurishadi. Xususan, poyezd Toshkent-Buxoro-Xiva-Samarqand-Qamashi-Kitob-Turkiston-Bishkek-Olma-Ota yo‘nalishida harakatlanadi.


Avvalroq “Spot” joriy yilda 10 ta turistik charter poyezd qatnovi amalga oshirilishi haqida yozgandi.

Birinchi qatnov Toshkentdan amalga oshirilib, jami uchta mamlakatning 9 ta shahriga borishi belgilangan.