Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan o‘tuvchi energiya resurslari ustidan nazorat kuchaytiriladi, deya xabar bermoqda Kazinform axborot agentligi.
Bu bo‘yicha, Qozog‘iston Parlament Majilisining yalpi majlisida tegishli qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan.
Gap 2021-yilning 6-dekabrida Astanada imzolangan “Qozog‘iston Hukumati va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasida Qozog‘iston-O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali energiya resurslarini quvur yo‘li transporti va elektr liniyasi orqali o‘tkazish jarayonida qo‘shma bojxona nazorati to‘g‘risida"gi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasi haqida ketmoqda.
Bitimning maqsadi — Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan quvur yo‘li va elektr uzatish liniyalari orqali olib o‘tiladigan energiya resurslarini nazorat qilish samaradorligini oshirishdan iborat.
“Hujjat ikki davlatning bojxona chegarasi orqali quvur yo‘li transporti va elektr uzatish liniyalari orqali olib o‘tiladigan energiya resurslarining birgalikda bojxona nazoratini tashkil etishni nazarda tutadi”, — dedi Bosh vazir o‘rinbosari — Moliya vaziri Yerulan Jamaubayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv energiya resurslarini bojxona deklaratsiyasi va bojxona nazorati bo‘yicha tajriba, bojxona ishi sohasidagi davlatlarning milliy qonunchiligi talablari buzilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan almashishni belgilaydi.
Shuningdek, vazir bitimni ratifikatsiya qilish mamlakat uchun salbiy ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy oqibatlarga olib kelmasligini hamda davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratishni talab qilmasligini ta’kidlagan.
Avvalroq O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kuz-qish mavsumida o‘zaro elektr energiyasini yetkazib berishni ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilingandi.
Tomonlar elektr energiyasining soatlik hisobini yuritish mexanizmini joriy etish hamda xo‘jalik yurituvchilar o‘rtasida rejadan tashqari oqimlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha shartnomalar tuzishga kelishishgan.