Prezidentning sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan farmoni e’lon qilindi.

Hujjat bilan, sohani isloh qilish, jumladan, boshqaruvni takomillashtirish, sohani rivojlantirish istiqbollarini belgilash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va sifatli tibbiy xizmatlar hajmini oshirish belgilanmoqda.

Salomatlik va strategik rivojlanish instituti tashkil etiladi

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil etiladi.

Institutning asosiy vazifalari quyidagilar:

  • sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini shakllantirish;
  • xorijiy tajriba asosida tizim faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta muddatli va uzoq muddatli rivojlanish ssenariylari va strategiyalari bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
  • tibbiy statistikani shakllantirish va yuritish, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • tibbiyot sohasidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, umumlashtirish, tahlil qilish, tarqatish va saqlash ishlarini takomillashtirish.

2024-yildan institut va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlariga ko‘ra, tegishli ravishda, Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqaruv organlari xodimlariga tenglashtiriladi.

“Aholi salomatligi — 2030” strategiyasi joriy qilinadi

Sog‘liqni saqlash vazirligi xalqaro tashkilotlar va xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb etib, joriy yilning yakunigacha ilg‘or xorijiy tajriba asosida “Aholi salomatligi — 2030” milliy strategiyasini ishlab chiqadi. Unda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini yanada yaqinlashtirish;
  • aholi sog‘lom ovqatlanishini va jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularni aholi orasida har tomonlama targ‘ib qilish;
  • onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining bu boradagi ehtiyojlarini qondirish;
  • ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘lamini kengaytirish;
  • tizimni to‘liq raqamlashtirish, qog‘ozbozlikka, asossiz byurokratiyaga va navbatlarga chek qo‘yish, aholiga tibbiyot muassasalariga murojaat qilganida qulayliklar yaratish;
  • samarali boshqaruv usullarini joriy qilish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;
  • kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish;
  • xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish, DXSh loyihalarini amalga oshirish;
  • tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
  • farmatsevtika tarmog‘ini samarali tartibga solish.

2027-yilgacha mamlakatda tibbiy sug‘urta to‘liq joriy etiladi

Joriy yilda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, 2024-yildan esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi vazirlil tuzilmasiga o‘tkaziladi.

Mazkur muassasalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda ular faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibini saqlagan holda o‘tkaziladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi farmatsevtikasanoati barqaror rivojlanishi uchun javobgarlikni to‘liq zimmasiga oladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining kuzatuv kengashi tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun jalb qilinadigan yetkazib beruvchilar (davlat va nodavlat)ni, xarid qilinadigan tibbiy yordamlar hajmini mustaqil belgilaydi va o‘z budjetini shakllantiradi.

Shuningdek, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 2027-yildan vazirlik tarkibidan chiqib, mustaqil jamg‘arma sifatida faoliyat yuritadi.

Budjet mablag‘lari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchilarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tasdiqlangan standartlar asosida tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlari belgilanadi.

Sog‘liqni saqlash vaziri va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijrochi direktori 2026-yilning yakunigacha tibbiy sug‘urtaning mamlakat bo‘ylab to‘liq joriy etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi

2024-yildan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. U o‘z ichiga quyidagilarni birlashtiradi:

  • Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi;
  • Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi;
  • Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi;
  • Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari belgilanmoqda

Shuningdek, hujjat bilan Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari belgilanmoqda. 2024-yildan quyidagicha shakllantiriladi:

  • davlat budjetidan har yili ajratiladigan 350 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar;
  • spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish xarajatlari uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘lar;
  • iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish uchun budjetdan har yili ajratiladigan 50 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar;
  • vazirlik tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning bo‘sh turgan binolari, ko‘chmas mulk obyektlari va yer uchastkalarini ommaviy savdolar (auksion)da sotishdan tushadigan mablag‘larning budjetga o‘tkaziladigan 50%i;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning mol-mulkini ijaraga berishdan tushadigan tushumlarning, davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining operatsion xarajatlarini chegirib tashlagan holda, mahalliy budjetlarga o‘tkaziladigan 100%i;
  • xalqaro moliya institutlarining, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik ko‘mak mablag‘lari;
  • G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tomonidan Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar.

Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar orqali jamg‘arma mablag‘lari shakllantiriladi.


Joriy yil boshida 2023−2024 o‘quv yilidan tibbiyot kolleji va texnikumlarda kadrlar tayyorlash tizimi yangi tartib va yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.