Toshkent xalqaro aeroportida 8,5 tonna giyohvandlik vositasi aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona komleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida O‘zbekistonga xorijdan olib kelinib, yuk avtotransport vositasi orqali tranzit tarzida olib o‘tilishi rejalashtirilgan 25 tonna og‘irlikdagi 1000 qop qandolat ko‘knorisi urug‘lari oziq-ovqat mahsuloti belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Odatda turli pishiriqlarga qo‘shiladigan yoki yuzasiga sepiladigan qandolat ko‘knorisi o‘xshash bo‘lsa-da, ko‘knori giyohvandlik moddasidan tubdan farq qiladi. Ya’ni, ushbu mahsulot ko‘knori oilasiga mansub o‘t o‘simliklarning maxsus tayyorlangan va qayta ishlangan urug‘lari hisoblanadi.
Biroq, bojxona ko‘rigi davomida hujjatlarda qandolat ko‘knorisi deb ko‘rsatilgan 25 tonna urug‘ va somonlar tarkibida haqiqiy giyohvandlik vositasi — 8,5 tonna ko‘knori somoni borligi aniqlangan.
Bitta holatda mazkur miqdordagi giyohvandlik vositasining fosh etilishi so‘nggi 30 yillik tarixda birinchi eng yirik ko‘rsatkich ekani ta’kidlanadi xabarda.
Hukumatning 2015-yildagi tegishli qarori bilan, ko‘knor somoni mamlakat hududida muomalasi taqiqlangan giyohvandlik moddasi hisoblanadi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.