5-sentabr kuni O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘yishdi. Bu Markaziy bankning topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Shu kuni regulyator to‘lov tashkilotlariga o‘rnatilayotgan cheklovlar bo‘yicha izoh berdi. Unga ko‘ra, to‘lov tashkilotlarining transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operatsiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emas.

Shuningdek, Markaziy bankda O‘zbekistonda xalqaro to‘lov xizmatlari, pul o‘tkazmalari hamda onlayn xizmatlarga to‘lovlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmaganligini, buni tijorat banklarining platformalari orqali amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra yangi tartib yashirin iqtisodiyot ulushining ortishi va fintex sohasining rivojiga to‘sqinlik qiladi.

“Spot” soha mutaxassislari bilan suhbatlashib, mazkur o‘zgarishlar to‘lov tashkilotlari va bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini bilib oldi.


Cheklov kompaniyalarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

“Brio Group” (OSON) bosh direktori Farhod Mahmudov tizimning o‘chirilishi millionlab foydalanuvchilar uchun jiddiy qiyinchilik va xavf tug‘dirishini, tizim har daqiqada yo‘qotishlarni, shu jumladan, obro‘-e'tiborini yo‘qotishini ham ta’kidlagandi.

“Foydalanuvchilar va 14 mamlakatdagi xorijiy hamkorlarimiz ishonchini oqlay olmaymiz. Biz global korporatsiyalarga nima uchun cheklov o‘rnatilganini tushuntirishimiz kerak bo‘ladi”, — deydi Farhod Mahmudov.

“Pay Way” direktori Bunyod Sattarov fikriga ko‘ra, bu raqobatni yo‘q qiladi va oxir-oqibat foydalanuvchilarga salbiy ta’sir qiladi. Bu holat xorijiy hamkorlar va investorlar oldidagi aktivlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes majburiyatlari regulyatorning dab-durustdan beriladigan qarorlari tahdidi ostida ekanligidan ogohlantiruvchi signaldir.

Mahmudov katta fintex hech qachon pul tranzaksiyalariga tahdid solmagani, biroq bu texnologiyani rivojlantirish keng qamrovli boshqaruv va strategik irodani talab qilishini qayd etdi.

“Banklar bilan ishlash tizimi sanoat uchun katta sinov, texnik va hujjatlar jihatdan murakkab jarayon hisoblanadi. Biz bu borada o‘zaro hamkorlikka umid qilamiz va o‘ylaymizki, bu o‘zgarishlar oxir-oqibat bozor rivojini to‘xtata olmaydi”, — dedi “OSON” rahbari.

Vakili anonim qolishni istagan to‘lov tashkilotida transchegaraviy xizmatlar kompaniya daromadining taxminan 40%ini tashkil etishini qayd etdi. Uning fikricha, to‘lov tashkilotlarining qariyb yarmi bunga moslasha olmay xarajatlarni qoplay olmaydi va yopiladi. Birinchi hisob-kitoblarga ko‘ra, mingga yaqin xodim ishsiz qoladi.

“Payme” va “TBC Bank Uzbekistan” Kuzatuv kengashi raisi Nika Kurdiani moliya sektorida to‘g‘ri, barqaror va xavfsiz infratuzilmani yaratish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, transchegaraviy operatsiyalarning bekor qilinishi hech qanday oqibatlarga olib kelmaydi.

“Biz bozorda o‘ynashimiz kerak bo‘lgan qoidalarni aniq oldik. Moliya bozoridagi barcha jarayonlar aniq, asosli qoidalarga ega bo‘lishi juda muhimdir. Qoidalarsiz o‘ynash xavfli, chunki biz har doim ham 100% moliyaviy savodxonlikka va xizmatlar bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘lgan iste’molchilar bilan ishlayvermaymiz”, — deydi u.

Nika Kurdiani misol tariqasida Gruziyada shunga o‘xshash jarayon bir necha yil oldin sodir bo‘lgani va bu soha juda qattiq tartibga solinganini keltirdi.

Bu nimaga olib keladi?

Soha mutaxassislarining fikricha, bundan, birinchi navbatda iste’molchilar aziyat ko‘radilar. Ular avvalgidek xorijda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni, onlayn xaridlarni yoki xorijiy yuridik shaxslar bilan o’zaro to’lovlarni amalga oshira olmaydilar.

Shuningdek, transchegaraviy to‘lovlarni bloklash fintex hamjamiyatining rivojlanish sur’atlarini, to‘lov xizmatlari atrofida ishlab chiqilgan yangi texnologiyalarni to‘xtatadi, mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘pgina kompaniyalar yopilishi yoki vositachilar orqali ishlashi kerak (ko‘pincha kulrang sxemalar orqali) bo‘ladi.

Mutaxassislarning fikricha, ayrim iste’molchilar xorijiy xizmatlardan foydalanishda “soyaga o‘tishga” majbur bo‘ladi, chunki yangi sxema bo‘yicha to‘lov — qimmatroq, unchalik qulay emas va uzilishlarga ega bo‘ladi.

Soha ishtirokchilarining turli hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘lov tashkilotlaridagi o‘chirilgan xizmatlardan mamlakatdagi 5−7 mln odam foydalangan.

“Payme” va “TBC Bank Uzbekistan” Kuzatuv kengashi raisining fikricha, muvofiqlik tartib-qoidalarining kiritilishi va tegishli o‘zgarishlar ba’zan mahsulot rivojini to‘xtatib turishni talab qiladi. Ammo keyin bu juda yordam beradi.

U transchegaraviy operatsiyalarning to‘xtatilishini banklarga ta’sir qilmaganini hisobga olgan holda to‘liq taqiq deb hisoblamaydi. Kurdiani so‘zlariga ko‘ra, gap moliyaviy xizmatlar arxitekturasini ularning xavfsizligini taʼminlash va huquqiy tartibga solishni yaxshilash uchun qayta qurish haqida bormoqda.