“O‘zaviatsiya” agentligi Rossiyaning “Pobeda” aviakompaniyasiga O‘zbekistonga yangi reyslarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Aviakompaniya quyidagi ikkita yangi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam qatnovlarni amalga oshirishi belgilanmoqda:
- Yekaterinburg-Samarqand-Yekaterinburg;
- Novosibirsk-Samarqand-Novosibirsk.
“Pobeda” 2020-yilning kuzida O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yish niyatini bildirdi. Keyin Federal havo transporti agentligi unga 12ta yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berdi, bular qatorida yuqoridagi ikkita yo‘nalish ham bor.
Joriy yilning aprel oyida “Pobeda"ning Moskvadan Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. Qatnovlar haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari, qaytish reyslari ham Samarqand-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta — dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Avvalroq agentlik Rossiyaning “UVT Aero” kompaniyasiga ham Qozon-Samarqand yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirishga ruxsatnoma bergandi.