O‘zbekistonda birinchi marta Samarqand shahrida turizm mahallasi ochildi, deya xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, shahardagi “Bog‘i baland” mahallasiga “turizm mahallasi” maqomi berildi. 15ta dam olish maskanidan iborat hududda sayyohlar uchun yo‘l ko‘rsatkichlari, stella va bog‘ xaritasi o‘rnatilgan.
“Mazkur “turizm mahallasi"ni tashkil etish orqali Samarqand viloyatining ekologik muhiti yanada yaxshilanadi. Shuningdek, mahalla aholi uchun yangi dam olish maskani hisoblanadi. Qolaversa, qo‘shimcha ish o‘rinlari ham yaratildi”, — dedi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev.
Shuningdek, turizm mahallasida anjir va anjir mahsulotlaridan tayyorlangan shirinliklar, quritilgan va konservalangan mahsulotlar savdosi, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi.
Bu yerda, turizm axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, turistlar uchun zaruriy ma’lumotlar joylashtirildi.
“Bog‘i baland” bog‘i Amir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan bog‘lardan biri. 40 gektarlik bog‘da 10 mingdan ortiq sariq va qora anjir daraxtlari yetishtiriladi.
Avgust oyida prezident Samarqandning turizm salohiyati yuqori 100ta mahalla va qishlog‘ida “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.