O‘zbekiston Jahon banki bilan past foizli imtiyozli kreditlarni ishlab chiqishni muhokama qilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatiana Proskuriakova boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Unda tomonlar O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar, Jahon bankining istiqbolli loyihalari hamda DPO-6 ni ishlab chiqish haqida so‘z yuritildi.
DPO (Development Policy Operation) — iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun Jahon banki tomonidan beriladigan past foizli imtiyozli kredit hisoblanadi.
Bundan tashqari, urbanizatsiya va yer islohoti dasturlarini ishlab chiqish hamda mavjudlarini takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Suv tanqis bo‘lgan hududlarda muammolarni bartaraf etish hamda suv yer ostiga sizib ketayotgan kanallarni ta’mirlash yuzasidan fikr almashildi.
Yakunda tomonlar ko‘rib chiqilgan loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga kelishishdi.
Avvalroq O‘zbekiston zararli chiqindilarni kamaytirish dasturi uchun Jahon bankidan $46 mln olishi ma’lum bo‘lgandi. Aprel oyida mamlakat bankdan $296 mln qarz olgandi.