Toshkent shahri va viloyatidagi 3 nafar iste’molchi 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 7-sentabr kuni “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida mazkur holatlar aniqlangan.

Xususan, Toshkent tumanidagi “Z. N. Sh. X.” fermer xo‘jaligi tomonidan o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanishi natijasida davlat manfaatlariga 1,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu 3,4 mln kVt⋅soat hajmdagi elektrni tashkil etadi.

Olmazor tumanida joylashgan “M.P.S.” MChJning elektr qurilmalari ulanish sxemalari amaldagi qoidalarga zid ravishda ulanganligi natijasida 231,5 ming kVt⋅soat elektr noqonuniy sarflanib, davlatga 104,2 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan “G.S.R.” MChJ 118,8 ming kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, 53,5 mln so‘m zarar yetkazgan.

Jamiyat elektr qurilmalarining ulanish sxemalari amaldagi qoidalarga zid ravishda ulanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar natijasida jami hisoblangan zarar qariyb 1,7 mlrdni tashkil etadi. Shu bilan birga, jami hajmdagi elektr energiyasi qariyb 18,5 mingta xonadonning bir oylik iste’moliga teng.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Avvalroq joriy yilning sakkiz oyda 390 mlrd so‘mga teng gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.