Joriy yilning 7−8 sentabr kunlari Samarqandda Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev uning doirasida mamlakatda bo‘lib turgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuyni qabul qildi.
Uchrashuv boshida O‘zbekiston yetakchisi yuqori darajali mehmonga mazkur konferensiyani qo‘llab-quvvatlagani va shaxsan ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
FAO bosh direktori prezidentni global miqyosda dolzarb bo‘lgan mavzudagi ushbu xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusi muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqqani va tadbir yuksak darajada tashkil etilgani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotgan bugungi xavf-xatarlarga qarshi, shu jumladan mintaqa darajasida kurashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Agrar tarmoqni rivojlantirishdagi nomutanosibliklar, suv resurslarining tanqisligi, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzun va samarasiz zanjirlari va logistikadagi uzilishlar kabilar barqaror rivojlanish uchun asosiy xatarlar sifatida qayd etildi.
O‘zbekiston va FAO o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturiga quyidagilarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni kiritishga kelishildi:
- qishloq xo‘jaligini ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar asosida modernizatsiya qilish;
- agrar sohani raqamlashtirish;
- moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning ta’sirchan vositalarini amalga oshirish;
- agrooziq-ovqat tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish.
Konferensiyaning birinchi kunida Shavkat Mirziyoyev qatnashchilarga murojaat yo‘llagandi. Davlat rahbari murojaatida fermerlar va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun axborot-konsalting markazlarini tashkil etish, ularni resurs tejaydigan texnologiya va usullar bo‘yicha o‘qitish uchun agro-konsalting xizmatlari sifatini yaxshilash dolzarbligi qayd etilgan.