Joriy yilning o‘tgan davrida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) Markaziy Osiyodagi loyihalarga $1,6 mlrddan ortiq mablag‘ yo‘naltirdi. Bu haqda moliya tashkiloti matbuot xizmati xabar berdi.
Mintaqa bo‘yicha XMKning eng yirik portfeli O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi hamda 2023-yili $1,56 mlrd sarmoya kiritilgan. Bu korporatsiyaning 1993-yilda mamlakatda faoliyat boshlaganidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Shundan $49 mlni O‘zbekistondagi birinchi Zarafshon shamol elektr stansiyasini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan va stansiya 2025-yili foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, XMK Sirdaryo viloyatida IES qurilishi uchun $150 mln ajratib, $1 mlrddan ortiq xususiy moliyalashtirishni jalb qilishga yordam berdi.
Mazkur loyihalar mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabini qondirishga yordam beradi va uning dekarbonizatsiya va energiyaga o‘tish ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Xususiy sektor iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning kuchli dvigatelidir, buni XMKning mintaqadagi faoliyati tasdiqlaydi. Biz hamkorlarimiz bilan aholi turmushini yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish va mintaqaning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish b‘yicha o‘zgaruvchan loyihalar ustida ishlashda davom etamiz”, — deydi IFCning Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlyomer.
Avvalroq O‘zbekiston Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan investitsiya qonunchiligini yangilashi ma’lum qilingandi. XMK mamlakatda xususiy sektorning maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish va faoliyatida ishtirok etishiga imkon beruvchi normalarni joriy etishga yordam beradi.
Iyun oyida XMT va IFC O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirgandi. Har ikki tashkilot O‘zbekiston tomoni, mahalliy ish beruvchilar va ishchilar uyushmalari bilan memorandum imzolagan.