Prezident raisligida sanoat korxonalari tarmog‘i va hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. “Spot” unda ilgari surilgan muhim topshiriqlarni bir joyga jamladi.
Dastlab, global ishlab chiqarish va transport-logistikadagi uzilishlar, hamkor davlatlardagi inflyatsiya sanoat ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha rejalarni xavf ostida qoldirayotgani sharoitida har bir hokim va tarmoq rahbari mahsulotlar hajmini oshirish va eksportga yangi bozorlarni topish uchun har kuni bosh qotirib, qattiq ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qaysi viloyat, tuman hokimi o‘zi korxonalar bilan ishlab, muammosiga yordam berib, harakat qilayotgan bo‘lsa, o‘zgarish bo‘layotgani qayd etildi.
Natijalar, kamchiliklar
Sanoat mahsulotlari hajmi oshdi
Yetti oyda mamlakatda sanoat mahsulotlari hajmi 5,7%ga o‘sib, 345 trln so‘mga yetgani ta’kidlandi.
Bu ko‘rsatkich elektrotexnika sanoatida 46%ni, yengil avtomobillar ishlab chiqarishda 16%, qurilish materiallarida 12%, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishda 11%ni tashkil qilib, yuqori sur’atlarda o‘sdi.
Masalan, misni qayta ishlash 30%ga va yuqori qo‘shilgan qiymatli maishiy texnikalar hajmi 36%ga oshishi hisobiga jami 12,5 trln so‘mlik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarildi. Ularning eksporti 25%ga ko‘payib, $550 mlndan oshdi.
25ta tumanda sanoat hajmi 10%dan oshgan
Joylarda ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bois 25ta tuman va shaharda sanoat hajmi 10%dan ko‘paygan.
Bo‘zatov, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Andijon, Olot, Shofirkon, G‘allaorol, Kitob, Nishon, Konimex, Chortoq, Oqdaryo, Bulung‘ur, Ishtixon, Paxtachi, Oltinsoy, Bandixon, Boysun, Qiziriq, Parkent, Buvayda, Uchko‘prik tumanlari, Kattaqo‘rg‘on va Nurafshon shaharlarida sanoat yuqori sur’atda o‘sgan.
Jumladan, to‘qimachilik korxonalarini ko‘paytirish orqali, sanoat ko‘rsatkichini Bandixon 45%ga, Qiziriq 18%, Olot va Buvayda 15%dan, Kegeyli 14%, Oqdaryo va Boysun 13%dan, Andijon tumani 10%ga oshirgan.
34ta tuman va shaharda ishlab chiqarish hajmi pasaydi
Mavjud konlarni o‘zlashtirib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga sanoat hajmi Kitobda 19%ga, Qo‘shrabotda 10%ga o‘sgan.
Umuman, yil boshidan mamlakat bo‘yicha 2000ta yangi sanoat loyihasi ishga tushirilib, yil yakunigacha qo‘shimcha 1 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoni yaratildi.
Misol uchun, “Pistali” oltin konida yangi metallurgiya zavodini muddatidan oldin ishga tushirish hisobiga shu yil qo‘shimcha 840 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Zavoddagi qariyb $50 mlnlik uskunalar sanoat kooperatsiyasi asosida mamlakatda ishlab chiqarilgan. Bu ham sanoat hajmini oshirishga qo‘shimcha turtki bo‘ldi.
Shu bilan birga, 34ta tuman va shaharda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan.
Ayrim tarmoqlarda, shu jumladan farmatsevtika, charm-poyabzal, to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’ati sekinlashgan.
Hokimlarning mahalliylashtirish bo‘yicha yordamchilari ishi sezilmayapti
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha yangi imkoniyat va zaxiralarni aniqlash uchun hududlarga ishchi guruhlari bordi.
Misol uchun, Toshloqda yil yakunigacha qo‘shimcha 1 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati aniqlandi.
Jumladan, ishlab chiqarishni kamaytirgan 23ta sanoat korxonasida quvvatlarni tiklash hisobiga 900 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha barcha hisob-kitoblar bor.
Tumandagi 22ta yangi loyihani ishga tushirishni tezlashtirish evaziga qo‘shimcha 50 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni bor.
Yana bir imkoniyat — tumanlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish. Masalan, “Olmaliq” kombinati mahalliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yib, polimer, quyma ehtiyot qismlar, kimyoviy reagent kabi 1 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Xuddi shunday imkoniyatlar Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Xorazmda ham mavjud.
“Lekin bu borada viloyat hokimlarining mahalliylashtirish bo‘yicha yordamchilari ishi mutlaqo sezilmayapti. Ularda na taklif, na tashabbus bor”, — dedi prezident.
Topshiriq va vazifalar
Hududlarning energiya balansi ishlab chiqiladi
Yig‘ilishda hududlardagi sanoat korxonalari, avvalo, energiya resurslari ta’minoti bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratish muhimligi aytib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Bosh vazir boshchiligidagi komissiyaga bir oy davomida barcha hududlarga borib, qo‘shimcha ishlab chiqarishni hisobga olgan holda, oyma-oy hududlarning energiya balansini ishlab chiqish vazifasi berildi.
Shuningdek, joriy yilda ishga tushadigan loyihalarni birma-bir xatlovdan o‘tkazib, ularga zarur energiya resurslari ajratishni nazarda tutish topshirildi.
Energetika vazirligiga joylarda sanoat korxonalarini oldindan xabardor qilmasdan elektr ta’minotidan uzish amaliyotiga qat’iy chek qo‘yishga topshiriq berildi.
Bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi
Yig‘ilishda sanoat tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan mutasaddi idoralarga qator topshiriqlar berildi.
Jumladan, Bosh vazir boshchiligida tunu-kun ishlaydigan respublika shtabi tuziladi. Joylarda ham viloyat hokimlari boshchiligida hududiy shtablar tashkil etiladi.
Shtabda iqtisodiyot, investitsiya, soliq, bojxona, bank, energetika, standart, kadastr vakillari korxonalardan 24 soat davomida muammolarini qabul qilib, ularni tezkor hal qiladigan tizim bo‘ladi.
Hafta yakunida hokimlar va tarmoq rahbarlari bilan birga barcha masalalar Bosh vazir huzurida muhokama qilinadi va qoloqliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga chora ko‘riladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga 232ta mahalliy sanoat korxonasida ishlab chiqarishni oshirish, 210ta yirik sanoat loyihasini to‘liq ishga tushirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Sanoat zonalari va yirik loyihalarning infratuzilma bilan ta’minlanganlik holatini o‘rganish va bu ishlar uchun ajratilgan 1,2 trln so‘mni to‘liq ishlatish vazifasi qo‘yildi.