“IT Park” tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning texnopark nima uchun kompaniyalarni rezidentlikdan mahrum qilishi va nima uchun a’zo bo‘lish kerakligi haqidagi maqolasini e’lon qildi.
Joriy yilda “IT Park” 236ta kompaniyani rezidentlik maqomidan mahrum qildi. Buning sababi — texnopark rezidenti maqomi doirasida o‘z majburiyatlarini bajarmaslik.
Ha, rezident maqomi nafaqat huquq va imtiyozlar, balki majburiyatlardir. Kompaniyalar bir nechta oddiy talablarga rioya qilishlari kerak, ularning asosiylari:
- tasdiqlangan faoliyatlar ro‘yxati bo‘yicha ishlash;
- har chorakda bir marta faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etish;
- yilda bir marta audit o‘tkazish va xulosa nusxasini IT Parkka yuborish.
“IT Park” doimiy ravishda o‘z rezidentlarini tahlil qilib boradi va agar qoidabuzarliklar aniqlansa, ularni maqomidan mahrum qiladi.
Bunday kompaniyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda davlat budjetiga ularni to‘lash majburiyatlari tiklangan holda imtiyozlarni bekor qiladigan soliq organlariga yuboriladi.
Aytgancha, kamchiliklarni tuzatgan holda, maqomni tiklash mumkin.
Nima uchun IT-kompaniyalarga imtiyozlar beriladi va bu qanchalik samarali?
“IT Park” rezidenti bo‘lish juda foydali. Avvalo, siz katta miqdordagi mablag‘ni tejashingiz va kompaniyani yanada rivojlantirishga sarmoya kiritishingiz mumkin, chunki bu yerda soliq imtiyozlari mavjud.
O‘zbekistonda o‘tgan yillardan farqli o‘laroq, endi imtiyozlar asosan alohida kompaniyalarga emas, balki butun sanoat tarmoqlariga ajratilmoqda.
IT’ga kelsak, ular butun sektorning rivojlanishini tezlatish va o‘tkazib yuborilganlarni qoplashga qaratilgan.
“IT Park” rezidentlari kamroq soliq to‘lashlari evaziga, o‘z xodimlarini ko‘paytirish, yangi sohalarni o‘zlashtirish, tashqi bozorlarga chiqish va boshqa yo‘nalishlarga ko‘proq mablag‘ sarflashlari mumkin.
Bundan tashqari, imtiyozlar IT’ni o‘z biznesini yaratish yoki uni O‘zbekistonga ko‘chirishni istaganlar uchun juda jozibali sohaga aylantiradi.
Misol uchun, bu bir necha o‘nlab xorijiy kompaniyalarning O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishiga turtki bo‘lgan “TashRush” dasturida yaxshi ko‘mak bo‘ldi.
Bu imtiyozlar tufayli budjetga kamroq pul tushayotgandek tuyulishi mumkin, ammo yo‘q — bu faqatgina eksport kabi boshqa kanallar orqali kattalashgan hajmda qaytib keladigan investitsiyalarning bir turi.
Imtiyozlar zamonaviy O‘zbekiston sharoitida eng muhim vazifalardan biri bo‘lgan yangi ish o‘rinlarini yaratishni jadallashtirishga yordam beradi.
Bunday yondashuv ishlayotganini “IT Park"ning 2022-yil yoki 2023-yilning birinchi yarmidagi faoliyati natijalari misolida ko‘rish mumkin.
Nega ba’zi rezidentlar talablarga rioya qilishmaydi?
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, kompaniya imtiyozlardan foydalanishi mumkin bo‘lgan shartlar juda oddiy va bajarilishi oson.
Rezidentlardan hech qanday maxsus narsa talab qilinmaydi — shunchaki IT bilan shug‘ullanish, hisobotlarni yashirmaslik va audit o‘tkazish kerak.
O‘zbekistondagi ko‘plab kompaniyalar allaqachon bularning barchasini hech qanday imtiyozlarni ko‘zlamasdan amalga oshirilmoqda, chunki bu ularning manfaatlariga mos keladi — hisobot biznesdan boxabar bo‘lib turishga, audit esa tashqaridan xolis baho olishga imkon beradi.
Biroq, ushbu oddiy talablarni bajarmaydigan rezidentlar hali ham mavjud. Ularni shartli ravishda uchta katta guruhga bo‘lish mumkin:
- Faqat imtiyozlardan foydalanmoqchi bo‘lgani uchun o‘zini IT sifatida namoyon qilishga urinayotganlar;
- Qasddan yoki tasodifan hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etmagan va audit o‘tkazmaganlar;
- Haqiqatan ham o‘z faoliyatini olib bormaydiganlar (to‘xtatgan yoki hatto boshlamaganlar).
“IT Park” bunday kompaniyalarni arizalarni ko‘rib chiqish bosqichidayoq aniqlashga harakat qiladi, shuning uchun aksariyat hollarda kompaniyalar ish boshida yoki ularning faoliyatida biror narsa o‘zgarganda rezident maqomidan mahrum bo‘lishadi.
Talablarga rioya qilmaydiganlarning barchasini darhol aniqlashning iloji yo‘q, chunki, masalan, kompaniya uch oydan keyin hisobotni topshiradimi yoki yo‘qmi, noma’lum.
Agar topshirsa, unda hammasi yaxshi, kompaniya imtiyozlardan foydalanadi, o‘sadi va rivojlanadi. Aks holda, rezidentlik maqomi darhol bekor qilinadi, kompaniya to‘g‘risidagi ma’lumotlar keyinchalik ular bilan shug‘ullanadigan soliq organlariga yuboriladi.
Nima uchun monitoring zarur?
O‘zbekistonda “IT Park"dan tashqari, kompaniyalarga shunga o‘xshash imtiyozlarga ega rezidentlik maqomini beruvchi yana bir qancha tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ular orasida “CyberPark”, “InnoTechnopark”, “Yashnobod” innovatsion texnoparki va EIZlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.
Biroq, ular o‘z kompaniyalarini rezidentlik maqomidan mahrum qiladimi yoki yo‘qmi noma’lum, chunki “IT Park"dan farqli o‘laroq, bu haqda ma’lumot chop etilmaydi.
Ayrim hollarda, Yashnobod innovatsion texnoparkida bo‘lgani kabi, hech qanday yangiliklar yo‘q, saytdagi rezidentlar ro‘yxatida esa faqatgina bitta kompaniya mavjud.
Boshqa hollarda, “CyberPark"da bo‘lgani kabi, qaysidir kompaniyalarga rezidentlik maqomi berilgani haqida yangiliklar bor, ammo qaysilari undan mahrum bo‘lganligi haqida xabarlar yo‘q.
“InnoTechnopark” o‘z rezidentlari faoliyati va ularning ko‘rsatkichlari to‘g‘risida hisobot beradi, biroq hozircha rezidentlik maqomi qaytarib olingani haqida xabar berishmagan.
Shu bilan birga, rezidentlarni doimiy monitoring qilish zarur, chunki berilayotgan imtiyozlar ulardan bemaqsad foydalanishni xohlaydigan kompaniyalarni jalb qiladi.
Bu doimiy katta mas’uliyat sohasi bo‘lib, shunga mos ravishda munosabatda bo‘lish lozim.
Aks holda, texnologik kompaniyalar uchun imtiyozlar g‘oyasi obro‘sizlantirilishi xavfi katta, bu esa O‘zbekistonga hozir kerak bo‘lgan oxirgi narsa.
Avvalroq texnopark Timurmalik Elmuradovning O‘zbekiston IT-sohasida xotin-qizlarning roli haqidagi maqolasini e’lon qilgandi.