Joriy yilning 7−8 sentabr kunlari Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi. Tadbir ochilishida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi haqida qayd etilgandi.

Natijada, konferensiya ishining yakuniy xulosasi sifatida ishtirokchilar mazkur hujjatni qabul qilishdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Samarqand deklaratsiyasi global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab, asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishga qaratilgan.

“Global iqtisodiy tanazzul va o‘sishning sekinlashuvi iqlim inqirozining oqibatlari, agrooziq-ovqat tizimida investitsiyalarning yetishmasligi, oziq-ovqatlar narxining o‘sib borishi va tengsizlikning kuchayib borishi bilan uyg‘unlikda, bizni 2030-yilgacha Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsadlar (BTM)ga, ayniqcha BTM-2 (Nol ochlik)ka erishishga qaratilgan kursdan chetlatib yubordi”, — deydi dedi FAO bosh direktori Syuy Dunyuy.

U oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya butun dunyodagi agrooziq-ovqat tizimlari qayta tashkil etilishidagi ilgarilashuvning tezlashishi uchun jiddiy maydoncha bo‘lganini hamda bu tizimlar dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan chaqiriqlarga alohida urg‘u berib, yanada samarali, inklyuziv va barqaror tus olishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, konferensiyada yaxshilashning quyidagi to‘rt yo‘nalishi ko‘rib chiqilishi belgilangan:

  • ishlab chiqarishni yaxshilash;
  • ovqatlanish sifatini yaxshilash;
  • atrof-muhit holatini yaxshilash;
  • hayot sifatini yaxshilash.

“Buning uchun qishloq joylarda gender tenglikni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish va raqamli qishloq xo‘jaligi masalalari muhokama etiladi, bunda hech kim e’tiborsiz qolmasligi kafolatlanadi”, deydi Syuy Dunyuy.

Samarqand deklaratsiyasida ishtirokchi mamlakatlarning quyidagi maqsadlari aks etgan:

  • qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan eng xavfsiz, bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan usulda, suv resurslaridan optimal foydalangan holda rivojlantirish;
  • aholi, ayniqsa bolalar va o‘smirlarning sog‘lom ovqatlanishiga ko‘maklashish, maktabda ovqatlanish kompleks dasturlarini joriy qilish;
  • ayollarning agrooziq-ovqat tizimlari transformatsiyasidagi ulushini oshirish uchun qishloq joylardagi ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish;
  • davlat miqyosida kichik va oilaviy xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish, tabiiy va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

Shuningdek, deklaratsiyada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xususan dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakatlarga bu borada ko‘maklishishga qaratilgan bir qancha aniq chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan.

Avvalroq mazkur konferensiya doirasida Shavkat Mirziyoyev mamlakatda bo‘lib turgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuyni qabul qilgandi.