Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zbekiston prezidenti Janubiy Koreya bilan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish masalalariga to‘xtaldi.

Keyingi yillarda o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari barqaror oshib bormoqda. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 24%ga ko‘paydi.

O‘zbekiston Koreyaning qariyb 1000ta qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda, mamlakatdan investitsiyalar hajmi esa $7 mlrddan oshdi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan samarali hamkorlik qilinayotgani, ular bilan birgalikdagi loyihalarning umumiy portfeli $3 mlrddan ortiqni tashkil etgani yuqori baholandi.

Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar qatorida ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi, to‘qimachilik texnoparki, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va nodir metallar bo‘yicha markazlar qayd etildi.

Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish, infatuzilma, “yashil” energetika, davlat boshqaruvi, moliya, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash borasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.


Avvalroq O‘zbekiston Belarus bilan $92 mlnlik shartnomalar imzolagandi.