Toshkent viloyatida migrantlar bilan ishlash bo‘yicha hokimning virtual ofisi tashkil etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha viloyat hokimi Zoyir Mirzayev mazkur virtual ofis loyihasining taqdimoti bilan tanishdi.
Virtual ofis migrantlarni mamlakatga qaytarish va ish bilan ta’minlashga qaratilgan ishlarni umumlashtirish, soddalashtirish va samarali tashkil eyish hamda muloqot tartibini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilayotgani ta’kidlangan.
Loyiha orqali bandlik dasturi bo‘yicha qilinayotgan ishlarni migrantlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ishga joylashishlariga ko‘maklashish, keyinchalik turli sabablar bilan ishdan bo‘shatilishlarga qarshi kurashish, bu borada haftalik monitoring yuritish belgilangan.
Shuningdek, virtual ofis doirasida ochiqlik, shaffoflik orqali jarayonga barcha fuqarolarni bevosita jalb qilish va jamoatchilik nazorati o‘rnatish kutilmoqda.
Zoyir Mirzayev loyiha taqdimoti yolg‘on va soxta axborotlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, hisobotlar, tahlil uchun materiallar jamg‘arilayotganda inson omilini maksimal darajada kamaytirish zarurligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, mehnatni tashkil etish jarayoni ustidan tekshiruv o‘tkazishga vakolatli inspeksiya rahbarining haftada bir marta aholiga hisobot berish tartibini yo‘lga qo‘yishi shart ekani qayd etildi.
Migrantlar bilan ishlash bo‘yicha virtual ofis loyihasi takomillashtirilgach tegishli mutasaddilar, tuman va shaharlarning sektor rahbarlari, sohaga aloqadar korxona va tashkilotlarning rahbarlari uchun taqdimoti tashkil qilinadi.
Joriy yil boshida maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining “Vazirga murojaat” portali ishga tushgandi.