Avvalroq 1-oktabrdan tadbirkorlar uchun elektr va gaz narxini oshirish rejalashtirilayotgani xabar berilgandi. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida mavjud.
Unga ko‘ra, iste’molchilarning 1- va 2- guruh toifasi uchun elektr energiyasi 1 kvt.soat uchun 1 000 so‘mgacha (NKMK, OTMK, O‘zbekiston metallurgiya zavodi, budjet tashkilotlari), qolgan biznes va yuridik shaxslar uchun kvt.soatiga 900 so‘mgacha oshirilishi kutilmoqda.
Aholi uchun elektr narxi ham oshadimi?
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, hozir e’lon qilingan loyihada faqat yuridik shaxslar uchun yangi tariflar belgilanishi nazarda tutilgan, lekin aholi uchun narxlar o‘zgartirilmayapti, xabar beradi UzA.
Qayd etilishicha, uzluksiz elektr yetkazib berish ta’minlay olingandagina aholi uchun elektr energiyasida tabaqalashtirilgan tariflar hukumatga kiritiladi. Agar loyiha qabul qilinsa yangi tariflar 2024-yilning 1-mayidan joriy qilinadi.
“Lekin bu aynan shu kundan narx oshadi, degani emas, hozircha barchasi loyiha xolos”, deydi Energetika vaziri.
Xabarda keltirilishicha, tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin eng avvalo uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish ta’minlanishi kerak. Ya’ni narx oshsayu, lekin yana elektrda uzilish bo‘laversa, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi.
“Shu sababli biz hozirda generatsiyalarni oshirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtiryapmiz”, ta’kidladi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tabaqalashtirilgan tarif deganda belgilangan “ijtimoiy norma"dan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan, masalan, uyida basseyni, saunasi, ko‘plab maishiy texnikalari bor xonadonlar, ya’ni nisbiy olganda boy va o‘ziga to‘q xonadonlar uchun narx oshadi, degani.
Avvalroq O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidan o‘tuvchi energiya resurslari ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilingandi.
Bu bo‘yicha Qozog‘iston tomoni tegishli qonun loyihasi ko‘rib chiqmoqda. Hujjat bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan energiya resurslarining birgalikda bojxona nazoratini tashkil etishni nazarda tutadi.