Markaziy bank 4ta to‘lov tashkilotining litsenziyasini chaqirib oldi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonunning 25-moddasiga muvofiq, Markaziy bank boshqaruvining qarorlariga asosan, “Ozinterpay”, “Interpay Sys”, “Woopay UZ” hamda “Venkon Group” to‘lov tashkilotlarining litsenziyalari bekor qilindi.

Qayd etilishicha, to‘lov tashkilotlarining ustav kapitali qonunchilik talablariga muvofiq shakllantirilmaganligi sabab, faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalari chaqirib olingan hamda to‘lov tashkilotlari reyestridan chiqarilgan.


Avvalroq “Oson” va “PayWay” 5-sentabrdan xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘ygani haqida xabar berilgandi.

“Oson” to‘lov tashkiloti xalqaro pul o‘tkazmalari va xorijiy xizmatlar uchun, “PayWay” to‘lov platformasi esa barcha xalqaro yo‘nalishlarga, jumladan, Rossiyadan va Rossiyaga pul o‘tkazmalari uchun xizmatlarni vaqtincha o‘chirdi.

Markaziy bank to‘lov tashkilotlariga o‘rnatilayotgan cheklovlar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Unga ko‘ra, “Brio Group” (Oson) to‘lov tashkiloti tomonidan Ichki nazorat qoidalarining (ro‘yxat raqami 3266, 2020-yil, 30-iyun) 31¹-bandi talablari bajarilmagan.

Ya’ni, oluvchisi yoki jo‘natuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarni aks ettirmasdan va bu turdagi xalqaro pul o‘tkazmalarini aniqlash bo‘yicha asosli hamda zaruriy choralar ko‘rilmaganligi ma’lum qilindi.

“Spot” soha mutaxassislari bilan suhbatlashib, mazkur o‘zgarishlar to‘lov tashkilotlari va bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini bilib oldi.