Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishga arizani onlayn jo‘natish imkoniyati mavjud.
Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin hamda buning uchun sahifaga ega bo‘lish kerak.
Portalga kirgach, qidiruv tizimiga “Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish” kalit so‘zlarini kiritib, kerakli sahifani topish mumkin. “Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali esa, ariza jo‘natiladi.
Bunda pasport va yashash manzili haqidagi ma’lumotlardan tashqari boshqa so‘ralgan ma’lumotlarni hamda hujjatni olish sabablaridan birini ko‘rsatish zarur.
Keyingi qadamda qarindoshlar va ish joyi haqidagi ma’lumotlar kiritiladi. Agar ularni tahrirlash kerak bo‘lsa, tuzatgach oxirgi qadamga o‘tish mumkin. Oxirgi qadamda to‘lov qilinib, ariza jo‘natiladi.
Bunda xizmatdan foydalanish pullik bo‘lib, DXM yoki “pasport stol” orqali ariza berilsa 330 ming so‘mni, Yagona portal orqali esa 297 ming so‘mni (10%lik chegirma bilan) tashkil etadi.
Ariza jo‘natilgacha, qo‘l barmoq izlarini topshirish va suratga tushish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga borish kerak.
Xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo‘yicha fuqarolik pasporti yoki unga tenglashtirilgan hujjatni belgilangan kun va vaqtda vakolatli organga taqdim etish zarur.
Shuningdek, harbiy xizmatga majburlar uchun:
- harbiy guvohnoma, chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi guvohnomasining nusxasi yoki mudofaa ishlari bo‘limining ma’lumotnomasi;
voyaga yetmaganlar uchun:
- ota-onalar, vasiylar (homiylar) yoki ularga hamrohlik qiluvchining notarial tasdiqlangan roziligi taqdim etilishi kerak.
Ariza jo‘natilib, barcha hujjatlar taqdim etilgach “zagran” pasportni 10 kun ichida olish mumkin.
Xizmatdan foydalanish uchun havola.
Avvalroq “Spot” o‘quv markazi ochish uchun subsidiyani qanday olish mumkinligi haqida qo‘llanma taqdim etgandi.