Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)'ning 9 mln yevro grant mablag‘lari O‘zbekistondagi sobiq uran konlarini tiklashga yordam beradi, xabar beradi bank matbuot xizmati.
YeTTB tomonidan boshqariladigan Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) orqali moliyalashtiriladigan mablag‘ quyidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirildi:
- aniqlangan konlarini yopish;
- uran rudasini qayta ishlash uchun foydalanilgan tashlandiq obyektlarni buzish;
- Yangiobod va Chorkesar konlarida rekultivatsiya ishlarini amalga oshirish.
Sobiq uran obyekti mamlakat poytaxti Toshkentdan 75 kilometr sharqda joylashgan. Yangiobod shahri atrofidagi tog’li erlarda 7 ta kon mavjud.
“Mahalliy aholi o‘rtasida O‘zbek Alp tog‘lari deb nomlanuvchi bu hudud rekultivatsiya ishlarini amalga oshirilgandan so‘ng, ekologik xavfsiz hududga aylanadi. Bu ko‘plab sayyohlarni jalb qilishi, mehmondo‘stlik va umumiy ovqatlanish sanoatini rivojlantirishga imkon beradi va shu bilan mahalliy uy xo‘jaliklarini qo’llab-quvvatlaydi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ERH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan faoliyat Farg‘ona vodiysidagi daryolar tizimiga zaharli moddalar tarqalishining oldini olishga ham yordam beradi.
Avvalroq “Spot” YeTTB Farg‘onada sug‘orish tizimini yaxshilash uchun qariyb $200 mln kredit ajratishi haqida xabar bergandi. Mablag‘lar energiya tejamkor nasos agregatlarini xarid qilish va o‘rnatish hamda tegishli infratuzilmani rekonstruksiya qilish uchun foydalaniladi.